Kattaqo‘rg‘onda 10 ta yangi inshoot foydalanishga topshirildi
Keyingi yillarda Kattaqo‘rg‘on shahrida keng ko‘lamdagi qurilish, ta’mirlash va bunyodkorlik ishlari olib borildi. Qurilib, foydalanishga topshirilayotgan ob’yektlar shahar ahliga Mustaqilligimizning 30 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Bugun shahar hokimi Gavhar Alimova, sektor rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ushbu ob’yektlarning ochilish marosimlarida ishtirok etdi.
Xususan, Ingichka shaharchasida foydalanishga topshirilgan 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 910 o‘ringa mo‘ljallangan. Investitsiya dasturi asosida muassasa to‘liq kapital ta’mirdan chiqarildi. Natijada o‘quv xonalari, sport zali, kutubxona, o‘qituvchilar xonalarida barcha shart-sharoitlar yaratildi va zamona talablariga mos ta’lim muassasasiga aylandi.
Bayram munosabati bilan foydalanishga topshirilgan yana bir inshoot Islom Shoir mahallasi binosidir. Bugun bu markaz barcha qulayliklarga ega maskanga aylandi.
Mahallada 2721 nafar aholi istiqomat qiladi. Shu vaqtga qadar mahalla xodimlari 1975 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan eski binoda faoliyat yuritar edi. Zamon talablari darajasida barpo etilgan, kerakli jihozlar bilan ta’minlangan maskan mahalla xodimlari ish faoliyatlarini izchil olib borishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.