Kattaqo‘rg‘onda IT-markaz ochiladi
Ishsiz, kam ta’minlangan oila farzandlari, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytganlar, kasb-hunarga o‘qish va tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlarning qiziqishlarini kim o‘rganadi? Ularning orzu-istaklari, maqsadlariga yetishlarida kim yordam beradi? Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan “Yoshlar forumi”da shu kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
Forum avvalida tumandagi korxona-tashkilotlar va muassasalarning ko‘rgazmasi o‘tkazildi, tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida 142 tashkilotdagi 483 ta bo‘sh ish o‘rni yoshlarga taklif etildi.
Ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha tumanda tashkil etilishi rejalashtirilgan IT-markazining ko‘rgazmasi yoshlarda qiziqish uyg‘otdi. Tumandagi tijorat banklari hamda davlat xizmatlari markazida tashkil etilgan “Loyihalar fabrikasi” xodimlari tomonidan tadbirkorlikka qiziqqan yigit-qizlar uchun master-klass o‘tkazildi.
Forum doirasida qishloq xo‘jalik texnikalari ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi. Tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga 6 ta yuk tashish mototsikli va 2 ta motokultivator imtiyozli kredit asosida berildi.
Forum doirasida tuman hokimining yoshlar bilan uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi.
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati.