Kattaqo‘rg‘onda o‘qituvchilarning oyligidan ma’lum miqdorda ushlab qolish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgani rostmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘on shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri nomidan o‘qituvchilar oyligidan ma’lum miqdorda ushlab qolish topshirig‘i berilganligi bo‘yicha yolg‘on xabar tarqaldi. Bu haqda Kattaqo‘rg‘on shahar xalq ta’limi bo‘limi xabar bermoqda.
Unda ta’kidlanishicha, «2021 yil 19 yanvar kuni Prezident ma’naviyat va ma’rifat sohasini rivojlantirish maqsadida o‘tkazgan yig‘ilishdan ilhomlangan Kattaqo‘rg‘on shahar xalq ta’limi bo‘limi rahbari Shuhrat Po‘latovich erta tongdan barcha maktablarga «Ma’rifatparvarlar» kengashining fondiga o‘qituvchilarning har oyligidan 1 foiz ushlab qolish bo‘yicha ko‘rsatma bergan».
Mazkur holat bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar xalq ta’limi bo‘limining mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh a’zolari shahardagi 1-umumta’lim maktabida o‘rganish o‘tkazdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Kattaqo‘rg‘on shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan bunday topshiriq berilmagan. Buni maktab direktori N.Aripova ham tasdiqladi. Shuningdek, 1-umumta’lim maktabida Oygul Sharipova ismli o‘qituvchi ishlamasligi aniqlandi.