Kattaqo‘rg‘onlik Shahnoza boks bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘ldi

Joriy  yilning 20-25 iyun kunlari Jizzax viloyatida boks bo‘yicha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston birinchiligida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Shahnoza Ergasheva qizlar o‘rtasida 75 kilogramm vazn toifasi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shahnoza bu g‘alabasi orqali joriy yil yakuniga qadar Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga yo‘llanma oldi.

– Sportning boks turi bo‘yicha to‘rt yildan buyon shug‘ullanaman, – deydi Sh.Ergasheva. – Bugungi quvonchli kunni ko‘rish uchun kechayu kunduz mehnat qildim. Shu mehnatlarim va ustozim Oybek Tojiyevning yordami bilan maqsadlarimdan biriga yetdim. Mazkur musobaqa yakunida meni g‘olib deb e’lon qilishganida qalbim hayajonga to‘lib ketdi, beixtiyor ko‘zlarimga quvonch yoshlari keldi. Kelgusida oldimga yanada ulkan maqsadlarni qo‘yib, xalqaro musobaqalarda ishtirok etaman va g‘oliblik sari harakat qilaman. Bu orqali esa jahon arenalarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, ota-onam va boshqalarning menga bildirgan ishonchini oqlayman.