Kattaqo‘rg‘onliklar qandolatchilik brendini yaratmoqchi, shirinliklar, holva, tort va mahalliy pishiriqlar eksportini yo‘lga qo‘ymoqchi
Kattaqo‘rg‘on shahrida qandolatchilikni keng targ‘ib qilish, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkorlar bilan tajriba almashish va mahorat darslari tashkil etish maqsadida “Kattaqo‘rg‘on shirinliklari va non” festivali bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikamizning turli viloyatlari va qo‘shni tumanlardan kelgan mehmonlar, tadbirkorlar, idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Tadbirda shahar hokimi Gavhar Alimova mahalliy qandolatchilik mahsulotlari va shirinliklar tayyorlanadigan hunarmandchilikning mazkur yo‘nalishini qadimdan rivojlangani va uni kelgusida ham davom ettirish kerakligini ta’kidladi.
- Kattaqo‘rg‘on shahrida qadimdan hunarmandchilik, qandolatchilik va holvapazlik keng rivojlangan, - dedi G.Alimova. - Shahar bozorida mazali shirinliklar sotilgan va karvon bilan kelgan yo‘lovchilar qandolatchilik mahsulotlaridan xarid qilib, yurtlariga ham olib ketishgan. Hozirgi kunda Kattaqo‘rg‘on shahrida qandolatchilik yo‘nalishida yuzdan ortiq oilaviy va xususiy tadbirkorlar faoliyat olib bormoqda.
Shirinliklar tabiiy mahsulotlardan tayyorlanib, kishiga quvvat beradi. Qolaversa, bu mahsulotlarga sayyohlarning ham talabi ortib boryapti. Kelgusida shahardagi 24 ming xonadonda qandolatchilik bilan shug‘ullanayotganlar sonini ko‘paytirib, shaxsiy brendimizni yaratamiz va eksportni ham yo‘lga qo‘yamiz.
Festival doirasida shirinliklar va milliy holvalar, tort va mahalliy pishiriqlar, sharbatlar va tabiiy ichimliklar, non va non mahsulotlari, hamda milliy taomlar yo‘nalishlarida pazandalar bellashuvlari tashkil etildi. G‘oliblar “Eng yosh hunarmand”, ”Eng mohir holvagar”, “Qadimiy sulola davomchisi”, “Eng zo‘r pazanda”, “Eng shirin tort muallifi”, “Eng zo‘r milliy taom sohibi” va “Eng mohir shirinlik sohibi” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.
Tadbir davomida qandolat, non va non mahsulotlari, mahalliy pishiriqlar ko‘rgazmalari, osh tanlovi, sahna ko‘rinishlari hamda madaniy dasturlar namoyish etildi.
Hilola ERGAShEVA.