Kecha Camarqand va Jizzaxda 1,5 soat ichida yoqqan yomg‘ir bir oylik yog‘ingarchilik miqdorini tashkil etgan: FVV sel oqibatlarini ma’lum qildi
Favqullodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, 20 aprel kuni respublikaning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchilik natijasida sel va toshqinlar yuzaga kelgan.
Samarqand va Jizzax viloyatlarida 1 soatu 30 daqiqada yog‘ib o‘tgan yomg‘ir bir oylik yog‘ingarchilik miqdorini tashkil etgan.
Yomg‘ir va oqava suvlari Samarqand shahrining 5 ta shoh ko‘chasidan o‘tuvchi avtomobillar qatnov qismida, 54 ta ichki ko‘chalar atrofidagi irrigatsiya tarmoqlarida, 20 dan ortiq ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasi va atrofida, 84 ta yakka tartibdagi turar joy binolarining yerto‘la va hovlilarida, 5 ta umumta’lim maktablari va M.Ulug‘bek ko‘chasidagi “Ko‘zmunchoq” nomli MTM hovlilari hamda Narpay ko‘chasidagi “Muz saroyi” binosi ostidagi avtoturargohda to‘plangan.
Shuningdek, yomg‘ir suvlari Samarqand tumanining 4 ta MFYlarida kuzatilib, Bulung‘ur tumani “G‘o‘bdin” qishlog‘i hududidan o‘tuvchi M-39 “Almati-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz” avtomobil yo‘lining 1046 km.da o‘rnatilgan d=1500 suv o‘tkazish quvuriga sig‘masdan yo‘l qatnov qismining bir tomonida yig‘ilib qolgan.
Yuzaga kelgan holat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalaridan 144 nafar shaxsiy tarkib, 17 ta yong‘in-qutqaruv texnikasi, 11 ta motopompa hamda “Samarqand suv ta’minot” MChJdan 6 ta maxsus texnika, 14 nafar ishchi-xodim jalb qilingan.
Xabarga ko‘ra, kuchli yomg‘irlar Jizzax viloyatida ham qator talofatlar keltirgan. Forish tumanidagi sel oqimi “Egizbuloq” MFYda joylashgan 260 ta xo‘jalikka zarar yetkazgan, ularning 53 tasi to‘liq talofat ko‘rgan. Qutqaruvchilar tomonidan 6 nafar fuqaro sel oqimlari ichidan qutqarilgan. Ushbu hududda bunday sel oqimlari bundan taxminan 80 yillar avval kuzatilgan. Sel oqimi 15-son maktab va 9-son bog‘cha hududiga (binolarning 1-qavatiga) ham kirgan. “Egizbuloq” MFYda joylashgan 25 ta xo‘jalikda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq fuqarolar vaqtinchalik yashash uchun yaqin qarindoshlarining uylariga ko‘chirib o‘tkazilgan. Jizzaxda sel oqibatidagi jami 4 fuqaro halok bo‘lgani aytilmoqda.
Hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati nazorati ostida davom ettirilmoqda, deyiladi FVV xabarida.