“Kelajak liderlari” – yangi avlod kadrlari

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Samarqand viloyat filiali qoshida “Kelajak liderlari” klubi tashkil etilgan edi. E’tiborlisi, klub a’zolarini o‘qitish, ularning bilimi, ko‘nikma va malakalarini oshirish uchun qator loyihalar ro‘yobga chiqarilyapti.

Yaqinda Bo‘stonliq tumanidagi yoshlar oromgohida kvest-trening mashg‘ulotlari, Davlat boshqaruvi akademiyasida “Bo‘lajak rahbar qanday bo‘lishi kerak?” mavzusida mahorat darslari tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad yangi avlod kadrlar zaxirasini yaratish, bilimli, tashabbuskor va faol yoshlarni fuqarolik xizmatiga keng jalb qilishdan iborat.

Bundan besh yil muqaddam davlat rahbari Sh.Mirziyoyev yoshlarning izlanishlari, intilishlarini munosib baholab, ularga temir qanot bo‘ladigan tizim zarurligini alohida ta’kidlagan edi. Samarqandda ilk bor ish boshlagan “Kelajak liderlari” klubi davlatimiz rahbari ta’kidlagan “sotsial lift” vazifasini bajarishga kirishdi, desak mubolag‘a emas. Klub a’zolari orasidan rahbarlik lavozimlariga nomzodlar ko‘rsatilayotgani fikrimiz tasdig‘idir. Klub a’zolari Begzod Murodullayev Turizm va sport vazirligi huzuridagi Ziyorat turizmini rivojlantirish departamentiga, Boburjon Astanov Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasining biznes-rejalar tayyorlash va bozor infrastrukturasini o‘rganish sektori mudiri lavozimiga, Sarvinoz Tursunova Samarqand viloyat bandlik boshqarmasining korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi mutaxassisi vazifasiga tayinlandi.

Bu bizga ikki xulosa uchun asos beradi. Avvalo, tizim faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi o‘z vaqtida qabul qilingan qaror bo‘lgan. Qolaversa, yoshlarimiz orasida iqtidor egalari ko‘p. Ularga imkon berish esa mamlakatimizning bosh siyosiy yo‘nalishlaridan sanaladi.

Qudrat Mirzayev,

“Kelajak liderlari” klubi a’zosi.