Kelajakdagi hodisalarni bashorat qilgan kitoblar
Insonlar tabiatan juda qiziquvchan. Ular ayniqsa optimizm ruhidagi bashoratlarni yaxshi ko‘radi. Ba’zi adabiy asarlarni o‘qiganda esa voqea-hodisalarni oldindan aytib berish qobiliyati nafaqat ekstrasenslarda, balki ko‘pgina yozuvchilarda ham mavjud, degan taxminga borasiz. Negaki, ularning kitoblarida o‘z davrida hatto kishining xayoliga ham kelmagan voqeliklar tasvirlanadi. Bugun kelajak texnologiyalari va hodisalari haqida to‘g‘ri taxminlarni ilgari surgan kitoblar haqida so‘z yuritamiz.
Kredit kartalari
Kredit (plastik) kartalar ixtiro qilinishidan 62 yil oldin yozuvchi Edvard Bellami o‘zining “O‘tmishga nigoh” ilmiy-fantastik asarida ularning paydo bo‘lishi va kundalik hayotda foydalanishini bashorat qilgan.
Ovozli pochta
Angliyalik fantast yozuvchi Gerbert Uells romanidagi ovozli pochta haqidagi fikr hayotga ko‘chishi uchun 57 yil kerak bo‘ldi. 1980 yildan keyingina ommalashgan ushbu texnika yangiligi ko‘zlarini qiynashni istamaydiganlar va ovozli xabar jo‘natib vaqtini tejaydiganlar uchun asqotdi.
Elektr suv osti kemasi
Yozuvchi Jyul Vern 1870 yilda “Dengiz ostidagi 20 000 le” (le - 4, 5 km.ga teng qadimgi uzunlik o‘lchovi – tahr.) kitobida elektr energiyasi bilan ishlaydigan “Nautilus” suv osti kemasini tasvirlab bergan. Elektr dvigatelli haqiqiy suv osti kemalari esa bundan 90 yil o‘tib, XX sarning 60-yillarida paydo bo‘ldi.
Quyosh energiyasi
1911 yilda Amerikalik yozuvchi va ixtirochi Xyugo Gernsbek o‘zining «Ralf 124C 41+» (bu asar eng g‘alati nomga ega kitoblar ro‘yxatida munosib o‘rin egallashi ham mumkin) asarini Modern Electrics jurnalida chop eta boshladi. Undagi texnik bashoratlardan biri – quyosh energiyasidan inson manfaati uchun foydalanish bilan bog‘liq edi. Oradan 67 yil o‘tib, 1978 yilda yorug‘lik energiyasida quvvatlagadigan ilk kalkulyatorlar paydo bo‘ldi.
“Tomchi” quloqchinlar
Ushbu turdagi kichkina eshitish vositalari tafsifini Rey Bredberining 1950 yilda nashr etilgan “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” romani sahifalarida uchratishingiz mumkin. Musiqa ixlosmandlari ushbu minigarnituralarning savdo rastalarida uchratishni esa yarim asrdan ko‘proq vaqt kutishlariga to‘g‘ri keldi.
B. Muhammadiyeva tayyorladi.