Kelasi yil Samarqanddagi 2 303 ta qurilish-pudrat tashkilotlarining atigi 317 tasi tenderlarda qatnashishi mumkin. Nega hammasi emas?
Viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan qurilish-pudrat tashkilotlarining 1 090 tasi to‘liq quvvatda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shahar va tumanlarda qurilayotgan ijtimoiy soha ob’yektlari hamda uy-joylarda 226 ta pudrat tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. (Viloyatda 101 ta ijtimoiy soha ob’yektlari qurilyapti (buning uchun 362,4 milliard so‘m mablag‘lar ajratilgan).
Ularda 4 155 nafar ishchilar bor va shundan 842 nafari oliy ma’lumotga ega.
Darvoqe, viloyat qurilish bosh boshqarmasi hamda buyurtmachi tashkilotlar orqali Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti qoshida tashkil etilgan arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarida pudrat tashkilotlaridagi xodimlarning kasbiy malakasini oshirish ishlari tashkillashtirilmoqda.
Viloyatdagi qurilish-pudratchi tashkilotlar elektron ro‘yxatiga kirish imkoniyatiga (moliyaviy holati, bajargan ish hajmlari, doimiy ishchi xodimlari va mashina mexanizmlarga) ega 317 tadan ortiq qurilish tashkilotlari ro‘yxati shakllantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, yaqin kelajakda faqat Qurilish vazirligining elektron ro‘yxatiga kiritilgan tashkilotlar tenderda qatnashishlari mumkin bo‘ladi.
Yuqoridagi 10 000 taga yaqin ishchi-xodimlari bo‘lgan 317 ta qurilish korxonasi vazirlik tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilmoqda.