Kengash huquq va imkoniyati kengaymoqda. Bu real hayotda o‘z ifodasini topyaptimi?
Deputatlar qonunga ko‘ra, aholi, aniqrog‘i, saylovchilar vakillik organiga ishonch bildirilgan kishilardir. Ular ko‘pchilikning ovozi sifatida mahalliy yoki hududiy hokimliklarda ijro hokimiyati faoliyatini nazorat qilishi kerak.
Bu funksiyani to‘laqonli amalga oshirish uchun keyingi 4-5 yilda qator huquqiy islohotlar amalga oshirildi. Birgina Kengashlar faoliyatidagi tashkiliy-texnik masalalarni hal etish uchun kotibiyatlar tashkil qilindi.
Xo‘sh, Kengash va deputatlarning jamiyat hayotida o‘rni va roli qay tarzda bo‘lmoqda? Shu va boshqa savollarga javob topish maqsadida xalq deputatlari Narpay tumani Kengashi faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
Deputatni “bo‘shatib” bo‘lmaydi
Aytish mumkinki, bu masala, ya’ni deputatni o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmagani uchun muddatidan oldin chaqirib olish borasida qonunchilikdagi qoida eskirdi. Vaholanki, vakolatni muddatidan oldin tugatish borasidagi normalarda majburiyatini bajarmaslik to‘g‘risida talab belgilanmagan.
Xalq deputatlari Narpay tumani Kengashi faoliyati bilan tanisharkanmiz, bunga yana bir bor amin bo‘ldik.
- Qonunchilikda xalq vakilining huquqlari bilan birga majburiyatlari ham belgilangan, - deydi xalq deputatlari Narpay tumani Kengashi kotibiyat mudiri Bekzod Orziqulov. – Jumladan, tegishli xalq deputatlari Kengashining majlislarida hamda mazkur Kengash tomonidan tuzilgan qaysi komissiya tarkibiga saylangan bo‘lsa, shu komissiyaning majlislarida qatnashishi, ovoz berishda tegishli xalq deputatlari Kengashining Reglamentida belgilangan tartibda shaxsan ishtirok etishi shart.
Deputat vaqti-vaqti bilan, lekin yiliga kamida to‘rt marta saylovchilarga o‘z faoliyati to‘g‘risida axborot berishi alohida normada aks etgan. Lekin uning bu haqida Kengashga axborot berish majburiyati yo‘q. Aniqrog‘i, “Saylovchilar bilan uchrashdingmi-yo‘qmi?”, deb tergashga haqli emasmiz.
Qonunchilikda talab darajasida faoliyat ko‘rsatmagan deputatga faqat uning nomzodini ko‘rsatgan siyosiy partiya tegishli ta’sir o‘tkazish huquqiga ega. Misol uchun, qonunga ko‘ra, saylovchilarning ishonchini oqlay olmagan, shuningdek, uni deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiya oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarmagan deputat qonunda belgilangan tartibda chaqirib olinishi mumkin.
Albatta, shu paytgacha, deputatlar faoliyatini tashkiliy huquqiy jihatdan ta’minlash tegishli hokimliklarning tashkiliy-nazorat bo‘limlari tomonidan amalga oshirib kelinardi. Shunday sharoitda deputat ijro hokimiyatiga tobe bo‘lib qolmasligi uchun bu norma to‘g‘ri bo‘lgani aniq. Biroq bugun vakillik organlari, ya’ni deputatlar korpusi mustaqil faoliyat olib borarkan, Kengash kotibi va deputatlar o‘rtasidagi munosabatlar ham qonuniy tartibga solinishi kerak.
Qolaversa, qonunda saylovchilar bilan uchrashish uning huquqi sifatida belgilangan. Bu esa uchrashmaslikka ham haqli ekanligini anglatmaydimi?
Vakil saylovchilarni qabul qiladimi?
Aslida B.Orziqulovning fikrlarida ham jon bor. Biroq bugungi odamlar bunga qo‘yib bermaydi. Ya’ni, o‘zlari ishonch bildirgan deputatlarni hududidagi real hayot bilan tanishmasligini jim kuzatishmasligi tayin. Shu jumladan, narpayliklar ham bundan mustano emas.
Tumandagi 22-Tortuvli okrugidan Ekologik partiya a’zosi Saidmurod Jabborov deputatlikka saylangan. Okrug hududida Tortuvli va Qoziyoqli mahallalaridan iborat.
- Saylovchilar bilan faoliyatimni ikki yo‘nalishda tashkil qilaman, - deydi S.Jabborov. - Birinchi - targ‘ibot yo‘nalishida oxirgi marta 29, 30 iyun kunlari “Yangi O‘zbekiston konstitutsiyasi – mening konstitutsiyam” shiori ostida Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati bo‘yicha har ikki mahallada uchrashuvlar o‘tkazdik.
Albatta, bu kabi uchrashuvlar faqat targ‘ibot bilan tugab qolmaydi, odamlar muammolari, ularni o‘ylantirayotgan masalalar ko‘tariladi. Berilgan vakolat doirasida muammolarni yechishga harakat qilyapmiz. Misol uchun, shu paytgacha hududdagi barcha xonadonlar tashib keltiriladigan suvdan foydalanardi. Murojaat va so‘rovlarimizdan “Suvoqova” tashkilotining tuman bo‘limi mutasaddilarining “bezori chiqdi”. Muhimi, aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, Oqtosh-Oltio‘g‘il qishloqlarini bog‘lovchi 12 kilometr masofadagi yo‘l bo‘yicha viloyat hokimigacha uchrashdik. Ayni paytda bu yerda asfalt yotqizish ishlari yakunlanyapti. Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limiga kiritgan so‘rovimiz natijasida 2 ta mahallada ham 120 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etildi.
Shunday masalalar borki, ularni aholining kuchi, jamoatchilik yordami bilan ham hal etish mumkin. Misol uchun, Tortuvli mahallasida 100 dan ziyod tungi chiroqlarni shunday yo‘l bilan o‘rnatdik.
Umuman, har oyning ikkinchi dushanba kuni deputat va fuqarolar uchrashuvi, deputat va yoshlar uchrashuvlari tashkil etib, fuqarolar va yoshlarning dardu tashvishlari bilan qiziqib, ularni joyida yoki tegishli tashkilot rahbarlari bilan hamkorlikda hal qilish yo‘llarini ko‘ryapmiz.
Okrug hududidagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilib, “daftar”dan chiqarilgan fuqarolar holidan xabar olib, agar yordamdan qanoatlanmagan bo‘lsa, asoslantirilgan tushuntirish berish bo‘yicha deputatlik so‘rovi kiritamiz.
So‘rov asosiy vosita, ammo ...
- Garchi amaldagi tartib bo‘yicha bizga bunday vakolat berilmagan bo‘lsa-da, (Senat tavsiyasiga ko‘ra, deputat so‘rovi tanishish uchun o‘zi a’zo bo‘lgan doimiy komissiyaga taqdim qilinadi) ularning hisobini yuritamiz, - deydi B.Orziqulov. - Bunda berilgan so‘rovlarga javob qaytarmayotgan mutasaddilarga tushuntirish, taqdimnoma kiritish choralarini ko‘ryapmiz. Rost, ayrim hollarda turli bahonalarni ro‘kach qilayotgan ham uchrab turadi, ammo biz qat’iyatli bo‘lishga harakat qilyapmiz.
Xalq vakilining mavjud 15 ta huquqi orasida deputat so‘rovi alohida belgilangan. O‘z navbatida 2019 yilda qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishga muvofiq, deputat oldidagi o‘z vazifalarini bajarmaydigan, uning ishiga to‘sqinlik qiladigan, bila turib unga yolg‘on axborot beradigan, deputat faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslarga ma’muriy chora ko‘riladi.
Ya’ni, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan deputat so‘rovini ko‘rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni qasddan taqdim etgan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Bizningcha, bu qonuniy mexanizmni amalda qo‘llashda yuzxotirlikka o‘rin yo‘q. Chunki bu norma aynan davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan belgilangan.
Ishlar ko‘p, kamchilik ham yo‘q emas
Xalq deputatlari Narpay tuman Kengashi sessiyalar chaqirilishidan 7 kun oldin e’lon qilinishi qoidasiga qat’iy amal qilingan. Bu haqdagi e’lon deputatlarning telegram guruhida, 10 mingdan ziyod obunachiga ega tuman hokimligi saytida berib borilgan. Sessiyaning ayni saytda jonli tarzda uzatilishini ham ijobiy ish sifatida baholash mumkin.
Biroq Kengashning birinchi yarim yillikdagi ish rejasida 18 ta masala belgilangani holda ularning 17 tasi qaysidir rahbar yoki mutasaddining axboroti va hisobotidan iborat. Deputatlar yarim yil davomida birgina “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini o‘rganishni rejalashtirgan.
Vaholanki, Kengashda mavjud 5 ta partiyaning barchasi yetarlicha deputatlik o‘rinlarini egallagan. Tabiiy savol tug‘iladi, nahot ular yarim yillik uchun saylovchilari manfaatlaridan kelib chiqib, jilla qursa, partiya dasturi asosida bittadan masalani o‘rganishni maqsad qilishmagan?
To‘g‘ri, bir qarashda Kengash faoliyati yaxshidek taassurot uyg‘otadi. Negaki, yarim yilda sessiyalarda 100 dan ko‘proq masala ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilingan. Qarorlar ijrosini nazorat qilish tizimli tashkil qilingan.
Ammo ko‘pchilik tumanda bo‘lgani kabi Narpay tumanida ham Kengash kotibiyati sessiyalarni tashkil etish va unga tegishli hujjatlarni yurituvchi tuzilma vazifasini bajarmoqda.
Vaholanki, qonunchilikda “Xalq deputatlari Kengashining har bir sessiyasini o‘tkazish davrida deputatlar orasidan sessiya kotibi yoki kotibiyati saylanadi”, degan norma hali o‘z kuchida turibdi. Kotib yoki kotibiyat reglamentga ko‘ra, sessiya yakunlari yuzasidan axborot tayyorlaydi, bayonnoma yoki stenogramma yuritilishini tashkil qiladi. Hozircha amalda bunday bo‘layotgani yo‘q.
Fikrimizcha, yo reglament o‘zgartirilishi yoki Kengash kotibiyati asosan deputatlarga faoliyatini tashkil etishi uchun ko‘maklashishi zarur.
Yoqubjon Marqayev.