Keyingi 5 yilda o‘qituvchining mavqei ham, maoshi ham ortdi: qo‘shimcha ustama va boshqa to‘lovlarsiz o‘rtacha 3 million so‘m olyapti
Bundan 5-10 yil oldin jamiyatda eng ko‘p qaysi kasb egalari tahqirlangan, desa hech shubhasiz, ular o‘qituvchilar — ziyoli ahli deyishardi. Bu fikr bir qarashda juda bo‘rttirilgandek tuyulishi mumkin, biroq afsuski, bu haqiqat edi.
Negaki, qadr-qimmati azaldan ota-onaga tenglashtirilgan, balki undan ortiq sanalgan, barchamizning savodimizni peshlab, aql-hushimizni tanitgan ziyoli ahlini, ustozni ko‘cha supurib, odamlarning ostonasigacha tozalashga majbur qilinganidan ortiq tahqir bormikan?!
Yillar davomida ilm olib, maqsadiyu matlabi ziyo tarqatish bo‘lgan muallimni maktabdan keng dalaga, g‘alla va paxtaga “hashar”ga chiqarishdan ham ortiq tahqir bormi?!
Mana shunday achchiq haqiqatlar mujassam bo‘lgan yaqin o‘tmishni yodga olib, kechagi va bugungi o‘qituvchining qadr-qimmatini qiyoslab, bu kunlarni hatto xayolimizga ham sig‘dirish mushkul edi. Chunki o‘qituvchi bir umr paxta dalasida qolib ketadigandek edi. Ko‘chani, odamlarning ostonasini har doim o‘qituvchi borib tozalashi kerakdek edi.
Prezidentimizning siyosiy irodasi, adolatli islohotlari, xalq ta’limi sohasiga ko‘rsatayotgan cheksiz e’tibor va g‘amxo‘rligi sohaning rivojiga, shu bilan birga, o‘qituvchining jamiyatda, mamlakatda qadr-qimmati, obro‘-e’tiborining mustahkamlanib borishiga xizmat qilmoqda.
O‘qituvchi nafaqat qishloq xo‘jaligi tashvishlaridan, balki mehnat faoliyatidagi turli byurokratik tazyiqlar, qog‘ozbozliklardan xalos etildi. O‘qituvchi doimiy yuritib borishi uchun ish kunining asosiy qismini sarflaydigan 7 ta hujjat qisqartirilib, 1 ta sinf jurnalini to‘ldirishgina qoldirildi.
Oylik maoshlarning kamligi tufayli oilasi va ro‘zg‘ori tashvishini o‘ylab, qancha-qancha ilmli, malaka va tajribali o‘qituvchilarimiz o‘z kasbidan voz kechib ketishga majbur bo‘lgani ham haqiqat. So‘nggi uch-to‘rt yil oralig‘ida o‘qituvchilarimizni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish ustuvor ahamiyat kasb etayotgani ularni yana sharafli kasbiga qaytardi.
Pedagoglarimizning oylik maoshi 2016-2021 yillar oralig‘ida qariyb uch barobarga oshdi. Ya’ni, 2016 yilda maktabning oliy toifali yuqori sinf o‘qituvchisining oylik maoshi 1 million 87 ming so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugun oliy toifali o‘qituvchining oylik maoshining o‘zi, qo‘shimcha ustama va boshqa to‘lovlarsiz qariyb 3 million so‘mni tashkil qilmoqda. O‘qituvchining oilasidan, ro‘zg‘oridan ko‘ngli xotirjam bo‘lib, faoliyatiga ijodkorona yondashishiga, izlanishiga imkon yaratildi.
O‘tgan o‘ttiz yil oralig‘ida yurtimiz aholisi bir necha barobar oshganiga qaramasdan so‘nggi 20-25 yilda Samarqandda birorta ham yangi maktab qurilmagani qamrovning yildan-yilga ortib ketishiga olib kelgan. Bitta sinfxonadagi o‘quvchilarning soni 40-45 nafargacha yetgani ta’lim sifatiga salbiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. Keyingi yillarda davlat byudjetidan maktablarimizning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini olib borish bo‘yicha e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2020 yilda viloyat bo‘yicha 53 ta umumta’lim maktabida rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi.
E’tiborga molik jihati, Samarqand shahridagi Qorasuv massivida o‘quvchi o‘rnining ko‘pligi bo‘yicha viloyatda yagona bo‘lgan 1680 o‘rinli zamonaviy maktab barpo etildi. Ushbu hududda aholi sonining ko‘payib borishi inobatga olinib, kelgusida yana shunday maktablar qurish ko‘zda tutilgan.
2021 yilda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi. Bugungi kunda Investitsiya, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari hamda Prezidentimizning Samarqandga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida viloyatimizda 97 ta maktabda rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 2 ta yangi maktab qurilmoqda.
Xalq ta’limi sohasini rivojlantirish umummilliy harakatga aylangan bugungi kunda uning sifati va mazmuniga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Ayrim fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan maktablar soni ham yil sayin ortib boryapti. 2018/2019 o‘quv yilida viloyatimizda ixtisoslashgan maktablar soni 18 tani, 2019/2020 o‘quv yilida 24 tani tashkil qilgan. Joriy yilga kelib ularning soni 60 taga yetdi. Bu, o‘z navbatida, maktablarda matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari, biologiya va kimyo hamda xorijiy tillarni puxta o‘qitishni tashkil etishga doir qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari ijrosi izchil ta’minlanayotganidan dalolatdir.
Xalq ta’limi sohasidagi yana bir muhim islohotlardan biri iqtidorli, bilimi va odob-axloqi bilan tengdoshlariga namuna bo‘lgan maktab bitiruvchilarga oltin va kumush medallar berilishining joriy etilganligi bo‘ldi.
O‘g‘il-qizlarimizning orzu-umidlariga qanot bag‘ishlovchi bunday tashabbus o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirib, intellektual salohiyatli kadrlar tayyorlash tizimida muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Buni Samarqand viloyati maktablarini oltin va kumush medallar bilan bitirayotgan o‘quvchilar sonining yildan-yilga ortib borayotganida ham ko‘rish mumkin.
Ya’ni, 2018/2019 o‘quv yilida 141 nafar, 2019/2020 o‘quv yilida 415 nafar bitiruvchimiz oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan bo‘lsa, 2020/2021 o‘quv yilida ularning soni 645 nafarga (571 dona oltin, 74 dona kumush) yetdi.
Xorijiy va respublikamizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tashkil qilinayotgan tanlovlar natijasida maktab bitiruvchilarimiz orasida muddatidan oldin talaba bo‘lganlar soni ham ortayotgani quvonarli. 2019/2020 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 23 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida 148 nafar bitiruvchimiz mamlakatimiz hamda jahonning eng nufuzli universitetlari talabasi bo‘ldi.
Islohotlarning mahsuli — sohadagi erishilayotgan yuksak natijalar haqida ko‘p gapirishimiz mumkin. Ammo bu tizimning muammolardan xoli bo‘ldi, degani emas. Xalq ta’limi sohasini yanada rivojlantirishda nafaqat o‘qituvchining va ta’lim tashkilotlarining zimmasida bo‘lgan, balki butun xalq, jamiyat zimmasida bo‘lgan vazifalarimiz juda ko‘p. Tizimda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, ota-onalar hamda ziyolilarimizning mas’uliyatini, daxldorligini oshirish, mavjud muammolarni birdamlikda, hamfikrlikda hal etishga kamarbasta bo‘lishimiz lozim. Zero, ta’limning ravnaq topishi baxtli kelajagimiz, ona Vatanimiz taraqqiyotining kafolatidir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi.
Zebiniso Shodiyeva,
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i