Kichik sanoat zonalari: imtiyoz va yengilliklar mevasi shumi?
Prezident va hukumat qarorlariga asosan viloyatimizning 14 hududida 19 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 115,8 gektar yer maydoni ajratilgan. Ularga soliq, bojxona va boshqa imtiyozlar berilgan, tadbirkorlarning ishlab chiqargan mahsulotini eksport qilishi uchun yetarlicha sharoit yaratilgan. Biroq, viloyatimizda kichik sanoat zonalari salohiyatidan samarali foydalanilmayapti. Kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashi tomonidan 71,2 million AQSh dollarilik 103 ta loyiha ma’qullanib, 46,8 gektar maydonga joylashtirilgan, ammo ajratilgan maydonlarning 69 gektar qismi uchun takliflar kiritilmagan.
Ma’qullangan 103 ta loyihaning 48 tasi joriy yil birinchi choragi davomida ishga tushirilishi rejalashtirilgandi, ammo ularning 21 tasi amalga oshirildi, xolos. Belgilangan loyihalar bo‘yicha Samarqand, Payariq, Oqdaryo, Past Darg‘om tumanlarida 1 tadan, Paxtachi va Nurobodda 2 tadan, Kattaqo‘rg‘on shahrida 3 ta, Narpay va Qo‘shrabotda 5 tadan, umumiy hisobda 3,9 million dollarlik loyihalar ishga tushirilgan. Umumiy hisobda rejalashtirilgan 62 ta loyihada muammolar aniqlangan. Jumladan, 30 ta loyihada qurilish ishlari kech boshlangan, 13 tasida bu ishlar to‘xtab qolgan, 10 ta loyiha uchun hali qurilish ishlari umuman boshlanmagan, 9 ta sub’yektda bank krediti bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan.
- Loyihalarning o‘z vaqtida ishga tushirilmayotganiga bir qancha omillar sabab bo‘lmoqda, - deydi viloyat kichik sanoat zonasi direksiyasi direktori vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Suyunov. – Rejaga asosan ishlab chiqarish maydonlarida elektr ta’minotini yaxshilash uchun 17 dona transformator o‘rnatildi, 5,35 kilometr elektr tarmog‘i tortildi, biroq hali foydalanish uchun ruxsatnoma berilmadi. Gaz tarmoqlari tortish ishlari to‘liq amalga oshirilgan bo‘lsa-da, belgilangan 10,7 kilometr yo‘lning 5,4 kilometri ta’mirlandi, 17 ta hududda 5,9 milliard so‘mlik 6 ta suv inshooti qurish ishlari viloyat injiniring kompaniyasi tomonidan olib borilyapti.
Yana bir masala. Kichik sanoat zonalarida import o‘rnini bosadigan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini joylashtirish, har bir investitsiya loyihasining qiymati eng kam ish haqining 2000 barobaridan kam bo‘lmasligi belgilangan bo‘lsa-da, joylarda bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilmayapti. Oqdaryo tuman Boshdarxon kichik sanoat zonasi uchun 46,3 gektar yer maydoni ajratilgan, ammo uning 34,9 gektarida zona ishtirokchisi bo‘lmagan 13 korxona oldindan faoliyat yuritib kelmoqda. Qo‘shrabot tumanida esa ajratilgan maydonda ikkita aholi xonadoni joylashgan, shuningdek, tuman hokimining 2019 yil 20 martdagi ogohlantirish xatiga qaramasdan “Naqshband qurilish savdo” xususiy korxonasi noqonuniy faoliyat yuritmoqda.
Kichik sanoat zonalarida olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirish maqsadida Paxtachi tumanida bo‘ldik. Tumanning Fay mahallasida joylashgan ishlab chiqaruvchilar maskanida 3 ta loyiha amalga oshirilib, 38 ta ish o‘rinlari yaratilgan. Manzilga borish uchun mo‘ljallangan yo‘lni, ochig‘i, shudgordan farqlay olmadik, elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi.
- 15 sotix maydonda 150 ming AQSh dollari miqdoridagi o‘z mablag‘imiz va “Mikrokreditbank” tuman filialining 90 million so‘m krediti hisobidan 10 xil diametrdagi polietilen quvurlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik, - deydi “Daler Plast” xususiy korxonasi rahbari Javlon Ortiqov. – 8 nafar ishchimiz bor. Mahsulotni Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlariga buyurtma asosida yetkazib beryapmiz. Zamon talabidan kelib chiqib, paxta maydonlarini tomchilatib sug‘orish uchun quvurlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish harakatidamiz. Ammo elektr ta’minotidagi uzilishlar katta zarar keltirayotgan bo‘lsa, ichimlik suvini 8 kilometrdan tashib kelish ancha vaqt talab qilmoqda.
Aslida, kichik sanoat zonalari tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik va imkoniyat yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash va shu orqali hudud sanoat salohiyatini oshirish, iqtisodiyotini mustahkamlash maqsadida tashkil etilmoqda. Bu tizim mamlakat iqtisodiyoti rivojiga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Afsuski, hozircha barcha joyda ham bu maqsadga erishilgani yo‘q. Demak, tuman, shahar hokimlari, mutasaddilar ushbu masalaga alohida e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.