Kitobni tanlab, saralab o‘qish kerak
Samarqand davlat universiteti qoshidagi Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida talaba-yoshlar va oliygoh o‘qituvchilarining shoir Yor Muhammad va yozuvchi Abdualim Sulaymonov bilan ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda keyingi yillarda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ma’naviyat taraqqiyotiga berilayotgan e’tibor, shoir va yozuvchi ijodining o‘ziga xos jihatlari, Mustaqillik yo‘lida jon fido qilgan qatag‘on qurbonlari, jadidlar, mumtoz adabiyotimiz namoyandalarining asarlarini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, ijod qilish mashaqqatlari xususida so‘z bordi.
– Nazarimda hozir she’r ko‘p, ammo shoir kam, chunki matbuotga chiqayotgan asarlarni tahlil qiladigan badiiy kengashlar deyarli yo‘q, - dedi Yor Muhammad. – Shuning uchun duch kelgan kitobni “kitob ekan” deb o‘qib ketaverish saviyasizlikdan boshqa narsa emas. Kitobni topib, tanlab, saralab o‘qish kerak. Ana shunda u dunyoqarashni kengaytirish, badiiy qobiliyatni oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirda Yor Muhammad qatag‘on qurbonlaridan biri shoir Usmon Nosir haqida to‘xtalib, o‘zining “Xolambibining yo‘qlovi” nomli she’rini o‘qib berdi.
Yozuvchi Abdualim Sulaymonov esa yig‘ilganlar e’tiborini tarixni o‘rganishga qaratdi.
Ijodiy uchrashuvda institutning 4–kurs talabasi Nurxon Xoldorova tomonidan Vatan, ona, muhabbat mavzuida o‘qilgan she’rlar barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi. Yosh shoiraga Yor Muhammad o‘zining kitoblaridan sovg‘a qildi.
Inobat BUTUNOVA.