Klaster, tadbirkorlik, tibbiyot. Bu sohalarda Narpayda nimalar o‘zgardi?

Narpay tumanidagi “Maroqand sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyatida paxtani qayta ishlash, xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonlar, tumanda yangi tashkil etilgan sub’yektlar faoliyati bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Dastlab jurnalist va blogerlar “Maroqand sifat” klaster korxonasida paxtani yetishtirish, qabul qilish, sifatni baholash, qayta ishlash jarayonlari, xomashyodan mahsulot olishgacha bo‘lgan jarayonlar bilan tanishdi.

Mazkur korxonada eski paxta zavoddan qolgan ma’nan eskirgan va xalqaro sifatlarga javob bermay qolgan texnologiyalar bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirilmoqda. Hozirgacha tumanda klaster korxonasi qariyb 3 ming gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan. Bu, tabiiyki, hosildorlikni oshirishda, qolaversa, agrar sohadagi suv tanqisligini yumshatishda samarali hisoblanadi. Korxonalarda paxta xomashyosi qayta ishlanib, yog‘ olish, chorva ozuqasi tayyorlash, toladan 25 xil o‘lchamdagi ip-kalava olinmoqda. Hozirda klaster korxonalarida mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, yil yakunigacha faoliyat yuritishi rejalashtirilgan chorvachilik kompleksida ham ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash maqsad qilingan.

Keyingi manzilimiz tumanda yaqinda faoliyat boshlagan “HOTEL ZIRABULOQ SERVIS” mas’liyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. Tadbirkor G‘ulom Ahadov 6 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 22 o‘rinli mehmonxona tashkil etgan. Bu yerda alohida savdo do‘konlari, restoran ham ochilgan. Keyinchalik yuqori qavatdan “Hostel” qilish ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, tumanda tibiy xizmat sifatini oshirish borasida ham talay ishlar amalga oshirilgan. Tadbirkor Bahriddin Turdiyev 1,7 milliard so‘m mablag‘ hisobidan zamonaviy tibbiy tashxis markazini ishga tushirdi. Bu esa tuman aholisi va qo‘shni tumanlarning ham viloyat markaziga kelishlarining oldini olishga xizmat qiladi.

- Tumanimizda tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, aholi salomatligini asrashga alohida e’tibor qaratyapmiz, - deyli tuman hokimi Sherzod Rahmonov. – Navro‘z bayramida ikkita zamonaviy tibbiy markaz ochilgan bo‘lsa, tez orada ular soni 5 taga yetadi. Mazkur tibbiyot markazida 125 xil tahlil olinadi va Vengriya davlatidan keltirilgan eng so‘nggi uskunalar yordamida kasallikka aniq tashxis qo‘yish va uni oldini olish borasida tibbiy muolajalar olib boriladi. Yil yakunigacha 100 o‘rinli statsionar ham faoliyat boshlaydi. Tumanimizda tibbiyot sifatini yaxshilash uchun viloyatdan eng malakali mutaxassislarni ham jalb etyapmiz.

Tumanda tibbiyotni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yangi faoliyat boshlagan “Doktor Daminov” tibbiyot markazi ham tuman aholisiga sifatli stomatologiya, kardiologiya, endokrinologiya xizmatlarini  ko‘rsatmoqda.

Asosiysi, tumanda tibbiy xizmat sifati oshadi, aholi sog‘lig‘ini tiklash uchun 100 kilometrdan ortiq yo‘l bosib viloyat markaziga borishiga ehtiyoj qolmaydi. Qolaversa, tibbiyot sohasida halol raqobat yuzaga keladi.

O‘ktam Xudoyberdiyev,

B.Mustanov (foto).