Kollej va texnikumlarga qabul imtihonlari hamon boshlangani yo‘q: mutasaddilar buning sababini ma’lum qildi

Bu yil oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari natijalari har doimgidan kech chiqdi. Shu sababdan kollej va texnikumlarga qabul jarayoni ham kechiktirildi. Chunki yoshlar birinchi navbatda oliy ta’lim muassasasida o‘qishni istaydi va undan o‘tolmaganlari kollej va texnikumlarga hujjat topshiradi.

Bu haqda viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Nasimovga ko‘ra, yangi o‘quv yili uchun kasb-hunar maktablarida darslar boshlab yuborilgan, biroq kollej va texnikumlarga talabalar qabul qilingani yo‘q. Davlat test markazi tomonidan kollej va texnikumlarga kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 20 750 nafar abituriyentlarga 12-17 noyabr kunlari viloyat bo‘yicha belgilangan oltita hududda test sinovlari bo‘lib o‘tadi.

Bu yilgi imtihonlarning farqi shundaki, abituriyentlar 5 ta fandan test sinovlaridan o‘tadi. Imtihonlar tugagach, o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun darslarni tig‘izroq o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, mutasaddilar ayrim kollej va texnikumlarga talab kamligi haqda ham aytib o‘tdi. Viloyatda kollej va texnikumlarga jami 25189 nafar abituriyent onlayn hujjat topshirgan.