Koloniyada jazoni o‘tayotgan tanishiga giyohvandlik moddasi olib kelgan fuqaro ozodlikdan mahrum qilindi

Past Darg‘om tumani Juma shahrida istiqomat qiluvchi Bekzod Parmanov hali qirq yoshni qoralamagan. Ammo shu paytgacha Jinoyat kodeksining turli moddalari bo‘yicha sakkiz marta jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu hukmlarda ozodlikdan mahrum qilish ham, axloq tuzatish ishlari jazosi ham bor. Ammo uning na axloqi tuzaldi, na ozodlikning qadrini his etdi.

Bekzod 2019 yil avgust oyining boshlarida Past Darg‘om tumani Qorasuv mahallasi hududidan o‘tuvchi Zarafshon daryosi bo‘yidan yovvoyi holda o‘sib turgan bir tup “kannabis” o‘simligini “topib olib”, ushbu o‘simlik barglarini uyiga olib keladi. Ularni quritib marixuana giyohvandlik vositasini tayyorlaydi. Atrofidagilarga sezdirmay, o‘zi ham iste’mol qilib turadi. Ko‘p o‘tmay tayyorlagan mahsulotidan “do‘stlari”ga ham ulashishni va’da qildi. Yetkazib berish ham o‘zining zimmasida edi. Qing‘ir ishning boshini tutgan kimsaning do‘sti kim ham bo‘lishi mumkin?.. 

Erta tongdan ko‘chaga otlangan kishining biror bir rejasi, maqsadi bo‘ladi, albatta. Bekzod ham 2019 yil 31 avgust kuni ertalab ma’lum bir manzilni ko‘zlab Juma shahri avtoshohbekatiga chiqadi. Manzili bir oz olis edi. Taksichi tanishi Tohirga Samarqand shahar Farhod shaharchasida joylashgan 38-manzil koloniyasiga borishi lozimligini, u yerga ukasi olib kelinganini, uni ko‘rib qaytishini aytadi. Taksichi xizmat haqini kelishgach, rozi bo‘ladi.

Yo‘l-yo‘lakay “Ulug‘bek” avtoshohbekatidan non hamda boshqa oziq-ovqat mahsulotlari oladi. Koloniyaga yetib kelganida taksichiga shu yerda kutib turishini, yarim soatlarda chiqishini aytib ichkariga kiradi...

Koloniyaga kirishda Bekzodning qo‘lidagi narsalari tekshirilayotganda uning  xatti-harakatlari koloniya xodimlarida shubha uyg‘otadi. Bu holatni sezgan Bekzod shu zahoti o‘zi bilan olgan “Spichki” yozuvli gugurt qutisini chetga tashlab yuboradi. Xolislar ishtirokida tintuv o‘tkazilganda esa uning yonidan hali tashlab yuborishga ulgurmagan “Kent” yozuvli sigaret qutichasiga qadoqlangan marixuana giyohvandlik vositasi chiqdi.

Surishtiruv davomida ma’lum bo‘ldiki, Bekzod keltirgan bu zahri qotillar ushbu koloniyada jazoni o‘tayotgan tanishi U.Murodovga atalgan edi.

Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi, degan naql bejiz aytilmagan. B.Parmanovga navbatdagi jinoyati uchun uzil-kesil uch yil sakkiz oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Z.AXMEDOVA,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.