Ko‘makka muhtoj oila farzandlariga 500 ming so‘m miqdoridagi bir martalik moddiy yordam beriladi

2021 yilning avgust oyida Samarqand viloyatidagi boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasini oluvchi oilalarning 18 yoshga to‘lmagan farzandlariga, nogironligi bo‘lgan 18 yoshga to‘lmagan bolalarga va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi.

Bu haqda viloyat hokimining 2021 yil 4 avgustdagi qarorida belgilandi. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 iyuldagi “Kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, bir martalik moddiy yordam pullari 25 avgustga qadar manzilli yetkaziladi.

Ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlarini kiyim-bosh to‘plamlari, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash maqsadida ajratilayotgan ushbu xarajatlar byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.