Ko‘ngil chirog‘i

Bashorat buvining ko‘zlari xiralashib qolganiga ancha bo‘ldi. Ammo u nolimaydi, umrini uzoq, nasibasini butun qilgan Yaratganga shukrona aytib, besh vaqt namozni yoddan chiqarmaydi. Biroq rahmatli cholidan qolgan bu oshiyonning chirog‘ini yoqib o‘tirgan yolg‘iz farzandi Asqadjonning o‘g‘li yo‘qligi ko‘nglini xufton qiladi.
Xudoga shukr, bir biridan lobar, odobli, shirin-shakar qiz nevaralar berdi. Qiz bola birovning xasmi. To‘rttasi allaqachon kelin bo‘lib, o‘zga xonadonlarning sevikli bekasiga aylandi, kenjasining xam hademay bo‘yi yetadi. Biroq o‘g‘ilning o‘rni boshqada. Xudoning karami keng. Buvining o‘g‘il nevara so‘rab qilgan iltijolari to‘xtamaydi. Nasib etsa, kelini yana farzand ko‘radigan, shoyad bu gal orzusi ushalsa: “Ey, xudo, marhamatingni darig‘ tutmay, Asqadjonimga o‘g‘il ber, diydoriga to‘yib, to‘ylarini ko‘rib o‘lsam, armonim yo‘q”. Bashorat buvi yuziga fotiha tortib, joynamozini yig‘ishtirdi. Tong sahar Asqadjon tulg‘oq tutgan xotinini tug‘riqxonaga olib ketgandi. “Iloyo, eson-omon qutulib olsinda”.
- Ena! Enajon, qayerdasiz, o‘g‘illi bo‘ldim, enajon, suyunchi bering! – tashqaridan Asqadjonning hayajonli ovozi eshitildi.
Bashorat buvi shosha-pisha peshvoz chiqib, o‘g‘lini bag‘riga bosdi:
- Voy, suyunchi sendan aylansin bolam. Yaratganga shukr! – sevinib ketgan buvi pensiyasidan rumoli uchiga tugib qo‘ygan pulni olib Asqadjonga uzatdi.
- Ena, bu nimasi, odamni xijolat qilmang! – Asqadjon onasining qo‘lini qaytardi.
- Uyalma, ol bolam, ota-bobolardan qolgan udum. Nasib bo‘lsa, nevaramning aqiqasini o‘zim dang‘illama qilib o‘tkazib beraman.
Bashorat buvining quvonchi yeru ko‘kka sig‘masdi, shu tobda. Ko‘nglida yongan chiroq sho‘’lasidan xira ko‘zlari ravshanlashib ketdi.
Tog‘aymurod ShOMURODOV.