Konigil: ming metrli yo‘lak, o‘nlab hunarmand faoliyat yuritayotgan maskanlar

Samarqand tumanidagi “Konigil” turistik qishlog‘ida yurtdoshlarimiz, shuningdek, xorijdan ham mehmonlar kelib dam olish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Bu yerda sayyohlar hordiq chiqarishi, xalq amaliy san’atidan zavq olishi, milliy urf-odatlar va an’analar bilan tanishishi, qadimiy ariq bo‘ylab sayr qilishi va milliy oshxona taomlaridan tatib ko‘rishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Shu yilning uch oy davomida mazkur turistik qishloqqa 2,5 ming nafar chet ellik, 4 ming nafar mahalliy sayyoh kelgan.

Suvda ivimaydigan qog‘oz

Konigil mahallasi o‘z nomi bilan nimaga boy ekanligini aytib turibdi. Ammo gap faqat bu yerning sifatli gil, ya’ni tuproqqa boyligida emas, shundan unumli foydalana olayotgan aholisi, hunarmandlarida hamdir. Shuning uchun Konigil qishlog‘ining bir qismi turizm yo‘nalishlaridan biriga aylantirilayotganda hunarmandlarni jalb qilish masalasida qiyinchilik tug‘ilmadi.

Konigil qishlog‘i mahalliy qiziquvchilar va xorijlik sayyohlar uchun allaqachon sayyohlik maskaniga aylangan edi. Sababi, aynan shu yerda, Obi Rahmat arig‘ining bo‘yida bundan bir necha o‘n yil avval Samarqand qog‘ozi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgandi. Uzoq yillar saqlanadigan bu qog‘oz chidamliligi bilan ajralib turadi. Samarqand qog‘ozining bir necha asr ilgarigi dovrug‘i tiklangan, deb aytolmasak-da, ammo o‘sha uslubda chiqarilayotgan qog‘oz haqiqatan ham e’tiborli.

- Jahonning ko‘plab davlatlarida qadimdan qog‘oz tayyorlash texnologiyasi bo‘lgan, - deydi «Konigil Meros» korxonasi rahbari Zarif Muxtorov. - Misrda papirusdan tayyorlangan qog‘ozlar, sharqda xitoy va yapon qog‘ozlari bunga misol bo‘la oladi. Samarqand ipak qog‘ozi esa o‘zining umrboqiyligi, silliqligi, har ikki tomoniga ham yozish mumkin bo‘lganligi, suvda ivimasligi bilan shuhrat qozongan. Bugungi kunda kuniga 100–110 dona turli hajm, zichlik va ranglardagi qog‘oz ishlab chiqaryapmiz.

Shuningdek, Samarqand qog‘ozidan kiyimlar, yo‘l xaltalari (sumka) tayyorlanyapti. Ularni yuvib, uzoq vaqt ishlatsa bo‘ladi.

Tegirmonlar yo‘lakchasi

Qiziqish, hayratlar endilikda Konigilda faqat qog‘oz ishlab chiqarish jarayoni bilangina to‘xtab qolmaydigan bo‘ldi. Qishloqning naq o‘rtasidan oqib o‘tuvchi Obi Rahmat arig‘i bo‘ylab o‘ziga xos, turizm qishlog‘ining bir namunasini tashkil qilish viloyat turizm boshqarmasi tomonidan ilgari surilgan bo‘lsa, viloyat hokimligi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, mablag‘ ajratdi. Natijada o‘tgan yili mamlakatimizda ilk bor o‘ziga xos uslubdagi turizm maskani foydalanishga topshirildi va sayyohlarning e’tiborini tortib kelmoqda.

Qog‘oz ishlab chiqarilish jarayonidan so‘ng ariq bo‘ylab yo‘lakchalar, qadim uslubda, zamonaviy tarzda bunyod etilgan ayvonlar, shu atrofdagi uylar bir-biriga uyg‘unlashib ketgan. Suv yo‘li bo‘ylab borar ekansiz, qog‘oz ishlab chiqarish binosi yonidagi kabi yana bir tegirmonga duch kelasiz. Bu tegirmonning vazifasi boshqacharoq: u yog‘ chiqarish uchun maxsus toshni aylantiradi. Elektrsiz, faqat suv harakati bilan ishlaydigan tegirmondan zig‘ir, kunjut, chigitdan yog‘ olish mumkin.

-  Tabiiy tegirmondan olinadigan yog‘ foydaliligi bilan ajralib turadi, - deydi Sanjar Muxtorov. – Elektr tegirmonlar yordamida 10 kilo chigitdan 5-6 kilo yog‘ olinsa-da, ushbu tegirmon yordamida bu vazn 3-4 kiloni tashkil etadi.

Ariq bo‘ylab, yo‘lakchalarda sayohatni davom ettirarkansiz, oddiy qishloq uylari, hunarmandlarning manzillariga duch kelasiz. Keyingi tegirmon esa bug‘doyni unga aylantirishda yordam beradi. Umuman, ushbu qishloq oralab yurarkansiz, shovullab oqayotgan ariqdagi tegirmon, charxpalaklar ko‘nglingizga allaqanday zavq bag‘ishlaydi. Ariqdan bir maromda oqayotgan suv, sokin muhit, hunarmandlarning taq-tuqi, qushlarning chug‘uri, allaqayoqdan tandirga qalanayotgan o‘tinning hidi qorishiq muhit sizga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi.

Tegirmonlardan o‘tib, yo‘lak bo‘ylab, sandiqsoz ustaning darchasini taqillatamiz.

- Otam, bobom duradgorlik bilan shug‘ullangan, - deydi sandiqsoz usta Mansur Safarov. – Men beshik yasash bilan shug‘ullanaman. Iloji boricha bu ishimda elektr uskunalaridan emas, ota-bobolarim ishlatgan asboblarni qo‘llashga harakat qilaman.

Tabiiy usulda sholi tozalash

Keyingi tegirmonning harakati yordamida sholi po‘chog‘idan ajratilib, guruch holiga keltiriladi.

-  To‘g‘ri, ushbu guruch bozorlardagi singari chiroyli ko‘rinishga ega emasdir, ammo uning ta’mi elektr uskunalari yordamida tozalangan guruchnikidan farq qiladi, - deydi sholi tozalashda ota-bobolari ishini davom ettirayotgan Naim Jamolov. – Qishlog‘imiz aholisi azal-azaldan sholi ekish bilan shug‘ullanadi. Ob-havosi, tabiati, suv bo‘yida joylashgani uchun sholi yetishtirishda qulay sharoitga ega. Konigil guruchini izlab keladiganlar bor boshqa viloyatlardan.

Darvoqe, Naim akaning o‘g‘li, nevarasi ham shu ish bilan shug‘ullanadi. Sholi tegirmonini ota-bobolari ishlatgan bo‘lsa, undan oldinroq shu maqsadda qo‘llanilgan kelini ham ko‘rish mumkin.

Bu hali hammasi emas. Konigil turizm qishlog‘i bo‘ylab sayohatni davom ettirar ekansiz, sandiqsoz, zargar, novvoy va boshqa ko‘plab hunarmandlarning uylariga duch kelasiz. Darvoqe, ushbu uylar siz o‘ylagandek, zamonaviy ishootlar emas, oddiy qishloq uylari. Qishloq hududida wi fi o‘rnatilgan. 20 ta oilaviy uy mehmonxonlari, 15 dan ziyod hunarmandchilik ustaxonalari, suviner do‘konlar, milliy ovqatlanish nuqtalari, novvoyxona, tomorqa xo‘jaliklari ham aynan Konigil turizm qishlog‘i maskanidan o‘rin olgan.

Qishloq kengayadi

Viloyat turizmni rivojlantirish departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, bu ishlar  hali hammasi emas. Hududda ikkinchi va uchinchi bosqich ishlar amalga oshirilishi ham rejalashtirilgan ekan. Xususan, Siyob arig‘i bo‘ylab 2,2 km., Obi Rahmat arig‘i bo‘ylab 1,3 km., jami 3,5 km. uzunlikda yangi yo‘nalish tashkil etilib, uning umumiy maydoni 7,1 gektarni tashkil etadi. Ushbu bosqichda 100 dan ortiq turistik ob’yektlar tashkil etiladi (xususan, mehmonxonalar, hunarmandchilik ustaxonalari, suviner do‘konlari, ovqatlanish nuqtalari, ko‘ngilochar maskanlar, dam olish maskanlari) 1000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu bosqichdagi ishlarning ahamiyatli tomoni shundaki, qishloqning bir tomoni Cho‘ponota maskaniga, yana bir tomoni esa Samarqandda qurilayotgan “Abadiy shahar” turistik markaziga ulanib ketadi. Bu esa turizm rivojida viloyatda yana bir yangi, alohida yo‘nalish tashkil etilayotgani, sayyohlarni qadim Samarqandda olib qolish uchun yana bir sharoit yaratilayotganidan darak beradi.

Darvoqe, turizm mavsumi boshlanganidan buyon bu yerdagi barcha hunarmandchilik uylari o‘z faoliyatini ko‘rsatib, turizm qishlog‘i yana jonlanib qoldi. Unga kirish chiptasi o‘n ming so‘mni tashkil etadi.

Gulruh Mo‘minova.