Kattaqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligida ekoturizm ob’yektlari tashkil qilinadi
Kattaqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligi bo‘limida “Hududlarda o‘rmonlar maydonini kengaytirish va o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanish” mavzusida seminar tashkil qilindi.
Unda viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi mutasaddilari, tumanlardagi mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminar ishtirokchilari avval o‘rmon xo‘jaligida tashkil qilingan ko‘chatxonalar va niholxonalar bilan tanishdi. Bu yerda parvarishlanayotgan mevali va manzarali ko‘chat turlari hamda ularni o‘rmon xo‘jaliklarida rivojlantirish haqida fikr almashdi.
- Ushbu seminar tajriba almashish maqsadida tashkil etildi, - deydi tuman o‘rmon xo‘jaligi rahbari Alisher Xudoyberdiyev. – Yashil makon doirasida amalga oshirilayotgan bu amaliy tadbirlar o‘rmon xo‘jaliklarining kengayishi va turlarning boyishida muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda xo‘jaligimizda 26 gektar maydonga pavlovniya va tez o‘suvchi daraxtlardan o‘rmonzorlar barpo qildik. Hozirda 80 ming dona pavlovniya nihollari parvarishlayapmiz. Xo‘jalik infratuzilmasini yaxshilash maqsadida mini yuk avtomashinalari, texnikalar va jihozlar olib keldik.
Kattaqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligini yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi besh yillikda xo‘jalikning daromadlarini oshirish maqsadida ekoturizm, o‘rmon barpo qilish, ko‘chatchilik, asalarichilik, baliqchilik va bog‘dorchilik sohalarini kengaytirish va rivojlantirish ko‘zda tutilgan.