O‘rmon xo‘jaliklaridagi qonunbuzarliklar fosh etildi
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan davlat o‘rmon fondi yerlarini ajratishda qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Viloyatda 10 ta o‘rmon xo‘jaliklari va 2 ta milliy tabiat bog‘lari mavjud bo‘lib, ular foydalanishiga jami 69 ming 87 gektar (shundan o‘rmon bilan qoplangan 20 ming 410 gektar, o‘rmon bilan qoplanmagan.
460 gektar, cho‘l hududi 2518 gektar, tog‘li hudud 35 ming 874 gektar, to‘qay xududi 8821 gektar, tabiiy va sun’iy suv havzalari 1306 gektar) yer biriktirib berilgan. Bu yer maydonlarining ma’lum bir qismi davlat-xususiy sherikchilik asosida fuqarolarga uzoq muddatli ijaraga berish bilan bog‘liq hujjatlar dastlabki xatlovdan o‘tkazildi.
Biroq, yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish, ijaraga berilgan yer maydonlarida o‘zboshimchalik bilan qurilishlar qilish, ijara mablag‘lari undirilmaganligi, investitsiya majburiyatlarining bajarilmasligi hamda butalar va o‘simliklarni nobud qilish kabi qo‘pol qonun buzilish holatlari sodir etilgan.
Viloyat prokuraturasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi tomonidan mutaxassislar jalb qilingan holda O‘zbekiston Respublikasining “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga rioya qilinishi ahvoli yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishda, “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i mansabdor shaxslari, o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish holatlariga yo‘l qo‘yganliklari aniqlandi.
Chunonchi, qonunning 6, 25-moddalarida belgilangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalari faqatgina xususiy buyurtma qo‘riqxonalar hamda tabiiy pitomniklar tashkil etish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berilishi mumkinligi hamda butalarni kesish, muxandislik-kommunikatsiya ishlarini amalga oshirish, oqova suvlarni oqizish taqiqlanganligi haqidagi talablar buzilgan. 2020 va 2021 yillarda milliy tabiat bog‘i hududidan 39,8 gektar yer maydoni 57 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga ijara bitimi va shartnomalarga asosan dam olish maskani uchun ajratib berilib, 28 nafar ijarachi tomonidan 8015 kvadrat metr yer uchastkasidagi butalar va o‘simlik dunyosi nobud qiliinishi, noqonuniy ravishda qurilish ishlari amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Ijara bitimi va shartnomalarda 57 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga milliy tabiat bog‘idan 33,3 gektar yer maydoni ijaraga berilishi ko‘rsatilgan bo‘lsada, “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i mansabdor shaxslari mansabga sovuqqonlik bilan qarab jami 39,8 gektar yoki shartnomada belgilangandan 6,5 gektar ziyod yer maydonini noqonuniy ajratib bergan.
“Zarafshon” milliy tabiat bog‘i bilan 72 nafar jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida tuzilgan ijara bitimi va shartnomalarda ijarachilarga 37 milliard 611 million so‘m investitsiya kiritish majburiyati yuklatilgan bo‘lsada, milliy tabiat bog‘i mansabdor shaxslari tomonidan majburiyatlarning bajarilishi nazorat qilinmaganligi natijasida investitsiyalar kiritilishi ta’minlanmagan.
Zarafshon milliy tabiat bog‘i mansabdor shaxslari o‘z vazifalariga loqaydlik bilan munosabatda bo‘lishi oqibatida, 2023 yil 1 avgust holatida 72 nafar ijarachidan jami 972 million 155 ming so‘m ijara pullarini undirish choralari ko‘rilmagan.
Bundan tashqari, bog‘ mansabdor shaxslari tomonidan yuqoridagi qonunning 45-moddasi talablariga zid ravishda milliy tabiat bog‘ xududidan 115,6 gektar yer maydoni qishloq xo‘jalik ekinlari ekish uchun fuqarolarga ajratib berilgan.
Mansabdor shaxslarning mansab vakolatlaridan qasddan foydalanish hamda mansabga sovuqqonlik bilan qarashlari oqibatida davlat va jamoat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar va jiddiy ziyon yetkazganligi holati yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
“Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida o‘tkazilgan o‘rganishda dam olish maskani yaratish maqsadida 49 yil muddatga ijaraga olingan 18,93 gektar yer maydonlarida 22 nafar fuqaro va 2 ta yuridik shaxs tomonidan imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan og‘ir konstruksiyali bino-inshootlar qurilganligi aniqlanib, ogohlantirilishiga qaramasdan ixtiyoriy buzmaganliklari sababli inshootlarning barchasini buzish yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. Da’vo arizalar sudlar tomonidan ko‘rib chiqilib, 18 nafar fuqaro va bitta yuridik shaxsga nisbatan o‘zboshimchalik bilan qurilgan murakkab konstruksiyali binolarni javobgarlarning hisobidan buzdirish haqida hal qiluv qarorlari chiqarilgan va 2 ta noqonuniy qurilish buzib tashlangan.
Sug‘orish quduqlarini qurish bo‘yicha “O‘rmonqurilish” DUK bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, “Sarvar Universal Ta’mir Qurilish” MChJ tomonidan viloyatdagi 4 ta o‘rmon xo‘jaligida 744 million so‘mlik amalda bajarilmagan ishlarni hisob-fakturalarga qo‘shib yozib, byudjet mablag‘larini juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi holati yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov jarayonida yetkazilgan zararlar undirilib, jinoyat ishi sudga yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘rmon to‘g‘risida”gi qonuni hamda sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan Samarqand, Saroyqo‘rg‘on va Kattaqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaliklarida 2023 yil iyun oyida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 62 ta qonun buzilishi holatlari aniqlanib, 9 ta protestlar keltirildi, 5 ta taqdimnoma kiritilib, ma’muriy javobgarlikka tortish haqida 2 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Qaror va taqdimnomalarga asosan 25 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi, yetkazilgan 19 million 673 ming so‘m zarar ixtiyoriy ravishda undirilishi ta’minlanib, 2 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi.
Xususan, Saroyqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligi bosh hisobchisi U.Djurayev tomonidan majburiy ushlanmalardan tashqari xodimlarga 5 million 488,6 ming so‘m ortiqcha to‘langanligi aniqlanib, unga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi.
Oqdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarida o‘tkazilgan xatlov natijasiga ko‘ra, yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy qurilish hamda yer maydonidan belgilangan maqsadda foydalanilmayotganligi holatlari aniqlangan.
Prokuratura organlarining aralashuvi bilan Kadastrlar agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan 3 nafar fuqarolar tomonidan 0,31 gektar yer maydonida amalga oshirilgan noqonuniy qurilmalarni buzish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilishi ta’minlandi. Sakkizta holatda fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 2,25 ga yer maydonlari ixtiyoriy ravishda o‘rmon xo‘jaligi ixtiyoriga qaytarilishi ta’minlandi.
Jamshid QOSIMOV, Samarqand viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori.