O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi axborot siyosatini tushunmaydimi?

Joriy yilning 4 sentyabrida Prezidentimiz raisligida mamlakatimizda o‘rmonchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Chunki o‘rmonchilik sohasi rivojlangan aksar davlatlarda iqtisodiyotning boshqa sohalari qatori, yog‘och mahsulotlari sanoati, qishloq xo‘jaligi sohasi, xususan, asalarichilik, chorvachilik yo‘nalishlari rivojlangan.

Bizda esa bu soha necha yildirki katta zarar bilan ishlamoqda. O‘rmon sohasini rivojlantirish yuzasidan Prezidentimizning 2020 yil 2 sentyabrda “O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayoni va bayon ijrosi yuzasidan viloyat hokimining qarori qabul qilingandi. Ushbu qaror ijrosiga ko‘ra, gazetamizda sohadagi muammolar va istiqboldagi rejalar xususida viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i bilan suhbat uyushtirishimiz lozim edi.

Afsuski, boshqarma mutasaddilari bilan telefon orqali bog‘lanib, maqsadni aytganimizga bir oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da o‘rmon xo‘jaligi rahbarlari suhbatlashishdan o‘zlarini olib qochishyapti. Xo‘sh, nega? O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi axborot siyosatini tushunmaydimi yoki bu yerda biror gap bormi? Ochig‘i, bu munosabatdan keyin biz "O‘rmonchilar nimanidir bekitishyapti", degan xulosaga keldik...