Tog‘lar orasidagi turizm qishlog‘iga xorijiy sayyohlar tashrifi boshlandi

Urgut tumanidagi Tersak qishlog‘i tog‘lar bag‘rida joylashgan. Birgina o‘tgan - 2021 yilda hududda 20 ga yaqin oilaviy mehmon uyi rasman faoliyat boshladi.

Turistlar uchun qishloqning tabiiy mahsulotlari, milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazish, urf-odatlarni namoyish etish, agro-turizm yo‘nalishida chorvachilik, bog‘dorchilik hamda dehqonchilikning qadimiy uslublari bilan tanishish yo‘lga qo‘yildi.

- Tog‘ yon-bag‘irlarida dam olish maskanlarining tashkil etilishi sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishiga xizmat qiladi, - deydi Tersak mahallasidagi hokim yordamchisi G‘iyos G‘afforov. – Mahallamiz turizm qishlog‘iga aylantirilgach, 8 kilometr ichki yo‘l asfalt qilindi. Yo‘llarning yaxshilanganini ko‘rgan aholining kelajakka ishonchi oshdi. Tadbirkorlikni boshlash, mehmon uylari ochishni niyat qilganlar safi kengaydi. Shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlarning qishloqqa qiziqishi oshdi. Shu yil yana 2 ta yangi oilaviy mehmon uyi tashkil qilindi.

- 50 yilga yaqin vaqt davomida maktabda fransuz tili o‘qituvchisi va rahbarlik vazifalarida ishlab, pensiyaga chiqdim, - deydi "Tersak sharsharasi" oilaviy mehmon uyi boshqaruvchisi Qo‘ysin Hasanov. – Yoshligimdan sayyohlik firmasini ochish orzuim bor edi, ammo bunga imkoniyat bo‘lmagandi. Mana keyingi yillarda yurtimizda turizmni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor tufayli xonadonimda o‘tirib, xorijlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Ya’ni biz yashayotgan hududda turizm qishlog‘i tashkil etilib, hovlimning bir qismini mehmon uyi uchun ajratdim. Bu yerda 4 kishi ish bilan band. O‘zim fransuz tili o‘qituvchisi bo‘lganim uchun, dastlab, faqat fransiyalik sayyohlarni qabul qilganman. Bugun Ispaniya, Italiya, Daniya, Germaniya va boshqa mamlakatlardan kelgan sayyohlarga ham xizmat ko‘rsatyapmiz. Shu paytgachayam bu hududga sayyohlar kelib turardi, turizm qishlog‘i tashkil etilgach, mehmonlarimiz soni kundan-kunga ortib boryapti. Kuni kecha 10 nafar fransiyalik mehmonni kuzatdik.

Mazkur qishloqda tog‘ turizmi yo‘nalishida 4 nafar gid ekskursovod faoliyat yuritadi. Sayyohlarni piyoda, ot va boshqa ulovlarda sayr qildirish, qishloqning o‘ziga xos tabiati bilan tanishtirish imkoniyati bor.

- Bir kuni televizorda turizm qishloqlari haqidagi ko‘rsatuvni ko‘rib qoldim, - deydi yana bir oilaviy mehmon uyi bekasi Ofiyat Xudoyberdiyeva. – Biz ham mehmon uyi ochsak bo‘larkan, degan fikr o‘tdi xayolimdan. Turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashib, farzandlarim yordami bilan ish boshladik. Dastlab mahalliy sayyohlar, keyin Qozog‘iston va Rossiya davlatlaridan ham mehmonlar kela boshladi. Biznikiga kelgan mehmonlar tomorqamizdagi ko‘l, uzumzor va olchazorga qiziqadi. Ayollar sigir va echkilarimizni sog‘ib ko‘rishni istashadi. Nokamtarlik bo‘lsayam aytay, men ularga chanqovuz ham chalib beraman. Bunga, ayniqsa, chet elliklarning qiziqishi katta.

Qishloqda tashkil etilgan oilaviy mehmon uylari bir vaqtning o‘zida 250 nafar mahalliy va xorijiy sayyohlarni joylashtirish imkoniyatiga ega. Tabiati xushmanzara, odamlari xushmuomala Tersakda bir marta mehmon bo‘lgan kishi yana borishni istaydi.

To‘lqin Siddiqov,

Fazliddin Ro‘ziboyev (foto).