Mana sizga ekoturizm: Zarafshon milliy tabiat bog‘iga o‘tgan yil umuman xorijiy sayyoh kelmagan

Rostdan ham, qariyb 2,5 ming gektarni egallagan, noyob o‘simlik va hayvonot turlari saqlanayotgan, o‘ziga xos landshaftga ega bu maskanga 2020 yilda biror bir xorijiy sayyoh kelmagan. 2019 yilda bor-yo‘g‘i 46 nafar sayyoh kelgan. Chunki mazkur bog‘da hal qilinishi kerak bo‘lgan qator muammolar bor.

Kuni kecha "Zarafshon" milliy tabiat bog‘iga jurnalist va blogerlar ishtirokida o‘tgan press-turda rahbariyati yuqoridagi holatni ta’kidlarkan, uni yuzaga keltirgan qator muammolarni sanab berdi.

 Bahodir Bozorov,
"Zarafshon" milliy tabiat bog‘i turizm mutaxassis:

- Turistlar kelmasligining bir nechta sabablari bor. Masalan, boqqa kelgan sayyohlarni kutib olish uchun alohida tashrif markazi va ekomarshrutlarning o‘zi yo‘q. Transport vositalari, mikroavtobuslar yo‘q, yoritkichlar o‘rnatilmagan va xavfsizlik tizimi ham talabga javob bermaydi.

Baxtiyor Rajabov, "Zarafshon" milliy tabiat bog‘i direktori vazifasini bajaruvchi:

 - Bog‘ning umumiy yer maydoni 2426,4 gektar bo‘lib, qo‘riqxonaga aylantirilgan, rekreatsiya, xo‘jalik va boshqa maqsadlarda foydalanish zonalariga ajratilgan. 

 Shuningdek, keyingi besh yilda "Zarafshon" milliy tabiat bog‘iga kichik hayvonot bog‘i tashkil qilish maqsadida 3 bosh tuya, 2 dona tuyaqush, 3 dona tovus, 2 bosh Amerika lamasi, 20 dona Italiya quyoni, 15 dona susarka, 4 dona yapon tovug‘i olib kelindi.

 Hududidagi vol’yerda 24 bosh, ochiq tabiatda esa 135 bosh O‘zbekiston Respublikasi va Halqaro Qizil kitobga kiritilgan Buxoro xonguli bug‘ulari ko‘paytirib kelinmoqda. 

 Ammo oldimizda qator muammolar bor: Zarur mobil va xavfsizlik uchun texnika vositalari yetishmaydi.  Bog‘ni 7 nafargina nozir qo‘riqlaydi, foydalanadigan qurollarimiz eski. Bog‘da qo‘riqlovchilar kamligi uchun har kuni navbatsiz ishlashimizga to‘g‘ri keladi.

Buxoro xonguli bug‘ulari nimadan qiynalmoqda?

Baxtiyor Rajabovga ko‘ra, milliy bog‘ning bug‘ular yashaydigan qismi simto‘sinlar bilan o‘ralganiga ancha bo‘lgan. Shu bois to‘sinlar shikastlanib, katta teshiklar yuzaga kelgan. Simto‘sinlar eskirganiligi uchun teshiklardan yovvoyi itlar va shoxollar kiyiklarga tashlanishi kuzatilgan. Xodimlar imkon darajasida ularni himoya qilyapti. Lekin yangi to‘sinlar o‘rnatilmasa, kiyik bolalari nobud bo‘lishi mumkin. Darvoqe, bog‘da tabiiy o‘simliklar muntazam sug‘orilmasligi oqibatida qurib qolmoqda. Sug‘orish uchun esa suv nasosi o‘rnatish kerak.

Mazkur muammolar bo‘yicha "Zarafshon" milliy tabiat bog‘i ma’muriyati yozma ravishda ham og‘zaki tarzda tegishli yuqori tashkilotlar mutasaddilariga bayon qilib kelishgan. Afsuski, haligacha biror natija bo‘lmagani aytilmoqda.

Fazliddin Ro‘ziboyev, Zarnews muxbiri.