Konigil turizm qishlog‘ida kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqarish markazi ish boshladi

Samarqand viloyatida Konigil turizm qishlog‘ini tashkil etish ishlari davom etmoqda. Ushbu turizm qishlog‘ini yaratish konsepsiyasiga ko‘ra, 3 gektar maydonda 800 metr uzunlikdagi halqa yo‘li quriladi. Natijada sayyohlarning “Siyob” kanali bo‘ylab sayr qilishi va tabiat qo‘ynida dam olishlari mumkin.

Shuningdek, hududda oilaviy mehmon uylari, yangi hunarmandchilik markazlari, mahalliy an’analarni aks ettiruvchi animatsiya markazlari tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ekoturizm, agroturizm, gastronomik turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratilmoqda. Hududda jahonga mashhur Samarqand nonini tayyorlash bo‘yicha master-klasslar uchun novvoyxona tashkil etiladi.

Hozirda kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqarish markazi faoliyat boshladi. Guruch tegirmoni joylashgan binoda ta’mirlash ishlari tugash arafasida. Guruch tegirmonining tarixiy ko‘rinishi qayta tiklangach, mehmonlarga guruch tayyorlash jarayoni namoyish qilinadi.

Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmati.