Koranavirusga qarshi kurashish uchun mahalliy byudjetdan 14 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan
Botir Mirzayev, Samarqand viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i:
- Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun viloyat mahalliy byudjetidan 14 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ajratilgan 8,5 milliard so‘m mablag‘ga 108 ta zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari olinadi va hozirda ularning 50 ga yaqini keltirilib, Samarqand shahrida foydalanishga topshirildi. Qolgan tez tibbiy yordam mashinalari ham tez orada tumanlardagi tibbiyot birlashmalariga beriladi.
Moliya vazirligi huzuridagi pandemiyaga qarshi kurash jamg‘armasidan viloyatimizga 38 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu mablag‘ tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish, ularga qo‘shimcha haq to‘lash va sanitariya vositalari xarid qilishga sarflanadi.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 20 iyuldagi “Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash davrida aholini tez tibbiy yordam xizmati bilan keng qamrab olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan vrach xodimlarning oylik maoshiga - 2,5 million so‘m, o‘rta tibbiyot xodimlariga - 1,5 million so‘m, tez tibbiy yordam avtomobili haydovchilarining oylik maoshlariga - 1 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ to‘lanishi belgilandi. Yangi tartibga ko‘ra, karantin muassasasiga kirayotgan tibbiyot xodimiga belgilangan mablag‘ning 40 foizi miqdorida avans mablag‘i beriladi.
Hozirda viloyatimizda 3 ta karantin muassasasi bor va u yerdagi bemorlarni ovqatlantirishda autsorsing tizimi joriy etilgan. Bunda 1 bemor uchun kunlik 36 ming so‘mdan pul mablag‘i ajratilmoqda.