Moliya bosh boshqarmasi pullarni o‘z vaqtida o‘tkazib bergan. Muammo boshqa tashkilotlarda

Joriy yilning 26 iyul kuni Zarnews.uz sayti va telegram kanalida «Pandemiya davrida tibbiyot xodimlariga 9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab berilmagani aniqlandi» sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Ushbu maqolaga javoban shuni ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Samarqand viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga 2020 yilda koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish tadbirlari uchun jami 50,99 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, bugungi kunga qadar 49,41 milliard so‘mlik tadbirlar uchun shartnomalar tuzildi va 38,86 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirildi (shartnoma tuzilmagan qoldiq mablag‘ 1,6 milliard so‘m).

Shu jumladan, oylik lavozim maoshlariga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar uchun 10,112 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirib berilgan.

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 30 apreldagi 20-sonli yig‘ilish bayonining 1-ilovasi bilan “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik Nizom tasdiqlangan.

Mazkur nizomning 8-bandida nazarda tutilgan ro‘yxatga kirgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari, Agentlik va hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik (SEO) markazlari, shuningdek, bo‘ysunuvidagi tashkilotlarning hamda tegishli hududda joylashgan xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan xodimlarning ro‘yxatlari (lavozimi, familiyasi (ismi va sharifi) kesimida shakllantirilgan tabellar (ish haqi berish uchun vedomostlar) ularning rahbarlari tomonidan tasdiqlangan holda tegishliligi bo‘yicha sog‘liqni saqlash hududiy boshqarmalariga har 5 kunda taqdim etib borilishi belgilangan.

Shundan so‘ng sog‘liqni saqlash boshqarmalari, Agentlik va hududiy SEO markazlari tegishliligi bo‘yicha taqdim etilgan xodimlar ro‘yxati asosida tegishli buyruq qabul qilib, talabnomalarni jamlagan holda lavozimi, familiyasi (ismi va sharifi) kesimida shakllantirilgan tabellar (ish haqi berish uchun vedomostlar) moliya organlariga to‘lash uchun talab etiladigan mablag‘larni jalb qilingan xodimlarning asosiy ish joyi hisoblangan muassasa (tashkilot) uchun ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga moliya organlari tomonidan o‘zgartirish kiritish orqali amalga oshiriladi.

Moliya organlariga (2020 yil 13 iyul holatida) taqdim qilingan oxirgi so‘rovnomalar asosida sog‘liqni saqlash boshqarmasiga jami 463,4 million so‘m va viloyat SEO markaziga 1110,8 million so‘m to‘liq moliyalashtirib berilgan.

Samarqand viloyati moliya bosh boshqarmasi axborot xizmati.