Moliya vazirligi huzuridagi pensiya jamg‘armasiga yangi rahbar tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi direktori lavozimiga Ashrafxonov Bahrom Bahodirovich tayinlandi.
Bahrom Ashrafxonov 1969 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy. 1993 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 1994 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlari Kentukki universitetini xalqaro valyuta-kredit munosabatlari, davlat moliyasi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida respublikamizda sug‘urta bozorini shakllantirish va rivojlantirish, davlat moliyasini boshqarishning g‘azna ijrosi tizimini respublika va mahalliy byudjetlarga joriy etish, shuningdek, ijtimoiy soha ob’yektlarini g‘aznachilik tizimiga o‘tkazish jarayonlarida faol ishtirok etgan salohiyatli rahbar hisoblanadi. Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy, savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlashda o‘z hissasini qo‘shgan.
2002-2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari – Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
2005-2007 yillarda Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari;
2007-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligi boshlig‘i – Moliya vaziri o‘rinbosari;
2016-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi;
2019.02-2019.09 - O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining ijtimoiy soha masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan.