Koreya Respublikasidan mamlakatimizga insonparvarlik yordami jo‘natildi
26 aprel kuni “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining charter reysi orqali umumiy og‘irligi 6,2 tonna bo‘lgan yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar, avtomat mexanizmli tibbiy karavot va PSR diagnostika test tizimlaridan iborat yukning birinchi qismi mamlakatimizga olib kelindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Olib kelingan qimmatli yuk tarkibiga hamkor Janubiy Koreya hukumati moliyaviy ko‘magida xarid qilingan 20 mingta test tizimi, shuningdek, mamlakat tadbirkorlari tomonidan taqdim qilingan 50 ta avtomatik boshqariladigan ko‘p funksiyali tibbiy karavot, 4 mingta maxsus tibbiy himoya kiyimi, 10 ming juft sterillangan qo‘lqop, 10 ta ko‘p funksiyali monitor kiritilgan. Bundan tashqari, ultratovush tadqiqoti (UTT) uchun zarur jihozlar, kardiomonitorlar, shpritslar uchun ishlatiladigan infuzion nasoslar, havoni tozalash apparati ham bor.
Insonparvarlik yordami Janubiy Koreya hukumati, Shinxan universiteti va mamlakatning “Evergreen Motors”, “Shindong Resources”, “Hanshin E&C”, “Chung Hospital”, “Union Korea Pharm”, “BOMI E&C”, “GM Korea”, “UNICO Logostics”, “Century”, “Baraka Holding”, “Tashkent Trade Center”, “Hyundai Engineering” kabi kompaniyalari, tibbiy muassasalari, savdo markazlari va yurtimizda faoliyat yuritayotgan firmalari tomonidan taqdim etildi.
Olib kelingan tibbiy anjom va vositalar mamlakatimizda karantin tadbirlarini tashkil etish, kasalliklarni aniqlash va davolash, reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirishda qo‘llaniladi.
Insonparvarlik yordamining qolgan qismi navbatdagi yuk charter reysi bilan mamlakatimizga olib kelinadi.
Shuningdek, Covid-19 bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Koreya Respublikasidan navbatdagi malakali mutaxassis ham maxsus reys bilan Toshkentga yetib keldi.
Hamkasbi bilan o‘rin almashgan tajribali mutaxassis, Koryo universiteti professori, anesteziolog-reanimatolog Yun Sin Ju mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vazirligining epidemiya bilan bog‘liq vaziyatni nazorat qilish faoliyatini xalqaro talablar asosida olib borilishini ta’minlashda ko‘maklashadi.
Ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari va yetakchi tibbiyot markazlari o‘rtasida sa’y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirishda ishtirok etadi.