Koreyada ishlash uchun o‘tkazilayotgan saralash test imtihonini onlayn kuzatish mumkin: Imtihon kechki 20:00 gacha bo‘lib o‘tadi
Bugun 14 iyul Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kolleji binosida Koreyada ishlash uchun o‘tkaziladigan EPS-TOPIC imtihonlariga kirish uchun koreys tilini bilish bo‘yicha saralash test sinovlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda Mehnat vazirligi xabar bermoqda.
Imtihonda ishtirok etadigan nomzodlar. Saralash test imtihonlarini topshirish uchun kunning birinchi yarmida 655 nafar nomzod test sinoviga kiritildi. Imtihonda qatnashgan jami nomzodlar soni kun yakuniga qarab aniqlanadi. Chunki test imtihonlarida avvaldan ro‘yxati shakllantirilgan nomzodlardan tashqari, birinchi marta ro‘yxatdan o‘tayotgan nomzodlar ham ishtirok etmoqda.
Test sinovlarini o‘tkazish muddati. Test sinovlari 14 iyul kuni soat 08:00 dan 20:00 ga qadar bo‘lib o‘tadi. Imtihonga kiradigan nomzodlarning avvaldan shakllantirilgan ro‘yxatida har bir nomzodning test sinoviga kirish vaqti ko‘rsatilgan. Nomzodlar shu asosda guruh-guruh bo‘lib imtihonga kiritiladi.
Test sinovi o‘tkaziladigan bino. Imtihon topshiradigan barcha nomzodlar keng sig‘imli yagona auditoriyada koreys tilidan bilimlarini sinovdan o‘tkazishadi. Bunday yondashuv imtihon davomida umum nazoratni o‘rnatish va nomzodlar uchun teng sharoitli muhitni yaratishga imkon beradi.
Test savollari, ularni baholash va ajratilgan vaqt. Test dasturi tizimida ro‘yxatdan o‘tilgach, nomzod uchun koreys tilidan 40 ta savol taqdim etiladi. Mazkur savollarning 20 tasi matnli, 20 tasi audio variant hisoblanadi. Test savollarini bajarish uchun 45 daqiqa ajratilgan. Imtihon 100 balli tizimda baholanib, har bir to‘g‘ri javob uchun 2.5 ball beriladi.
Natijalarni bilish. Nomzod test savollarini bajarib bo‘lgach, testni yakunlash tugmachasini bosadi va shu zahoti monitor orqali qancha ball to‘plaganligini bilib oladi. Bundan tashqari, har bir nomzodning test natijalari qog‘ozda chop etilib, nomzodga taqdim etiladi. Test savollarini yakunlagach, nomzod natijalar tarixi bilan ham tanishib chiqishi mumkin, ya’ni to‘g‘ri va noto‘g‘ri bajargan savollarini tekshirishi mumkin.
Imtihon jarayonlarining shaffofligini ta’minlash. Imtihon jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida test o‘tkazilayotgan binoga va auditoriyaga 30 dan ortiq kuzatuv kameralari, jarayonni to‘liq kuzatib borish uchun maxsus aylanma videokameralar o‘rnatilgan bo‘lib, test jarayoni videokuzatuv ostida o‘tmoqda. Shuningdek, test o‘tkazilayotgan auditoriyadagi har bir qatorga alohida nazoratchilar biriktirilgan. Qolaversa, imtihon jarayonlarini real vaqt davomida kuzatib borish uchun Mehnat vazirligi saytida ONLAYN namoyish uzatilmoqda.