Koronavirus mutatsiyaga uchradi. Endi vaksina yordam beradimi?

Yaqinda Britaniyada aniqlangan koronavirusning mutatsiyalashgan turi avvalgisiga nisbatan tez tarqalmoqda. Bu COVID-19 uchun ishlab chiqilgan vaksinalar endi foydasiz bo‘lishini anglatadimi?

Buyuk Britaniyada mingdan ortiq bemorlarda mutant-virus bilan kasallanish holatlari tasdiqlandi. Shunday bo‘lsa-da, Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Met Xenkokning aytishicha, bu yangi turning avvalgisidan xavfliroq ekanligini anglatmaydi. Virusning mutatsiyaga uchrashi noodatiy hol emas. Viruslar to‘xtovsiz mutatsiyaga uchraydi. Lekin bu o‘zgarishlar faqat minimal oqibatlarga olib keladi. Shunday ekan, xavotir olishga xojat yo‘q. Mutatsiya oqibatida har doim ham virusning xavflilik darajasi oshmaydi. U kuchsizlanishi ham mumkin.

Bemor o‘pkasida COVID-19 kasalligi yuzaga kelishiga sabab bo‘luvchi SARS-CoV-2 virusi boshqa koronavirus turlari kabi taxminan har oyda mutatsiyalanuvchi RNK-viruslar qatoriga kiradi.

Shuningdek, virusning turli variantlari borligi nega uning turli mintaqalarda har xil intensivlikdagi infeksiya tarqalishi to‘lqinlariga sabab bo‘lishi va ushbu virusning nega turli odamlarda turli darajadagi og‘irlik bilan kechishini tushuntiradi.

Buyuk Britaniyada aniqlangan virus turida tirnoqsimon o‘simtalar (bog‘lovchi oqsillar) mutatsiyasi yuz bergan. Genlarning deletsiyasi (xromosomalarning qayta tuzilishi natijasida uning ba’zi qismlarining yo‘qolishi) sababli ushbu mutatsiyaga uchragan virusda ikkita aminokislota yo‘q bo‘ladi. Balki, aynan shu xususiyat sababli, koronavirus tezroq tarqalmoqda.

Buyuk Britaniya G‘arbiy Yevropa mamalakatlari orasida COVID-19 ga qarshi ommaviy emlashni boshlagan ilk davlat bo‘ldi. Birlashgan qirollikda mutatsiyalashgan turning paydo bo‘lishi endilikda emlashning befoyda bo‘lishini bildirmaydi. Bugungi kunga qadar ishlab chiqilgan vaksinalarning barchasi koronavirusning bog‘lovchi oqsillarini kodlaydi va hatto, mutant-virus bilan kasallanganda ham bemorning immun tizimini harakatga keltiradi.

Quvonarlisi, amaldagi immun tizimni yengib o‘ta oladigan darajada proteinlarni o‘zgartirishi uchun virus bir qator mutatsiyalardan o‘tishi lozim. Shu o‘rinda, gripp viruslari tez mutatsiya qilishi sababli, emlash samarali bo‘lishi uchun vaksina har faslning boshida yangilanishi kerakligi ma’lum.

Bundan xulosa qilish mumkinki, koronavirusga qarshi vaksinalarni ham kelgusida yangilash kerak bo‘ladi. Ammo pandemiya davrida jamlangan ma’lumotlar va yaratilgan ishlab chiqarish manbalari, shubhasiz, keyinchalik aholini qimmat bo‘lmagan vaksina bilan tez ta’minlash imkonini beradi.