Koronavirus sababli Toshkentdagi ikkita shifoxona yopilgani rostmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (xalq tilida “16” deyiladi) va Toshkent shahar "Ibn Sino" nomli 1-klinik shifoxonasi (1-gorbolnitsa) karantin tufayli yopilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Vaziyat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonot berdi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining bir bo‘limidagi shifokor o‘zida koronavirus infeksiyasiga shubha qilganligi bois, o‘sha bo‘lim ehtiyot chorasi sifatida ma’lum muddat karantinga olindi. Ammo ixtisoslashgan tahlillar natijasi shifokorda ushbu infeksiya yo‘qligini ko‘rsatgandan keyin markaz bo‘limidagi karantin tartibi bekor qilindi. Ayni paytda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi odatdagidek, uzluksiz faoliyat ko‘rsatmoqda.
1-shahar klinik shifoxonasida esa koronavirusga gumon qilinib, keyinchalik Respublika Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida ushbu tashxis tasdiqlangan fuqaro o‘zini Turkiyada bo‘lganligini yashirib, ma’lum vaqt shu shifoxonada bo‘lgan. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bu ayni o‘sha paytda mazkur shifoxonada koronavirus tarqaldi, degan yakuniy xulosa emas. Faqat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablariga muvofiq ravishda va qat’iy ehtiyot chorasi sifatida ushbu shifoxona ma’lum muddat karantinga olindi. Yaqin kunlarda davolash ishlari yana o‘z iziga tushiriladi.
Fursatdan foydalanib, yana bir bor eslatib o‘tamiz, vazirlik koronavirus infeksiyasi borasida barcha rasmiy ma’lumotlarni ochiq, oshkora soatma-soat ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib bormoqda. Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan turli mish-mishlarga ishonmasliklarini so‘rab qoladi.