Koronavirusga qarshi qaysi davlat qanday tadbir ko‘ryapti?

Bugun butun dunyoga tarqalgan koronavirusga qarshi barcha davlatlar o‘zining tegishli tadbirlarini ko‘rib, fuqarolarini bevaqt vafot etishining oldini olishga jiddiy harakat qilmoqda.

Afsuski, ayni damgacha dunyoda koronavirusga chalinganlar 3 millionga yaqinlashdi, 200 mingdan ortiq kishi vafot etdi.

Dunyoda iqtisodiyoti qudratli, sanoati rivojlangan, turmush darajasi yuqori hisoblangan quyidagi mamlakatlarda ahvol o‘ta og‘irligi hammani tegishli xulosa chiqarish bilan birga tojli virus naqadar jiddiy ekanligini unutmaslikni uqtiradi: AQSh da 932 ming, Ispaniyada 224 ming, Italiyada 195 ming, Germaniyada 155 ming, Buyuk Britaniyada 148 ming, Fransiyada 123 ming, Turkiyada

108 ming, Eronda 89 ming, Xitoyda 84 ming, Rossiyada 74 ming, Braziliyada

52 ming, Belgiyada 45 ming va Kanadada 44 mingdan ko‘proq kishi  koronavirus bilan kasallangan.

Har bir mamlakat birinchi navbatda o‘zidagi mavjud imkoniyat va tibbiyot sohasida erishgan natijalarga tayangan holda turli karantin choralari, aholini ogoh etish, shu bilan birga virusga qarshi ilmiy izlanishlar orqali maxsus laboratoriyalarda vaksinalarni yaratish maqsadida keng qamroqli tadbirlar ko‘rmoqda. Lekin kasallangan fuqarolarini davolash bo‘yicha hech qanday natijaga erishmaganlarini ham ko‘rishimiz mumkin. Bu holatdan biz yana o‘zimizga tegishli xulosalarni chiqarishimiz zarur. Buni biz quyida ko‘rishimiz mumkin: ayni kunda Buyuk Britaniyada 148 ming, Niderlandiyada 37 ming, Norvegiyada 7 mingdan ortiq fuqaro ushbu kasallikka chalingan bo‘lishiga qaramasdan bugungi kunga qadar biror bir bemorni davolash bo‘yicha natijaga erishmagan. Shuning uchun bu mamlakatlarda vafot etish ko‘rsatkichi kundan kunga ortib bormoqda.

Vafot etganlar Buyuk Britaniyada 20 319 kishi, Niderlandiyada 4 409 kishi va Norvegiyada 201 kishini tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda ahvol qanday? Mamlakatimizda koronavirus bilan kasallangan dastlabki bemor 15 mart kuni aniqlandi. Mazkur holatdan kelib chiqib, ko‘pgina tahlilchilar ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonni Yevropadagi ayrim davlatlar, shu jumladan Italiya bilan qiyosiy tahlil qilishga o‘tishdi.

Italiyada dastlabki koronavirusga chalingan bemor 2 mart kuni aniqlangandan so‘ng qisqa muddatda, ya’ni 16 mart kuni 20 ming kishiga yetdi. Mart oyining yakunida bu raqam 80 mingdan oshdi. 

Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilgan davlat boshqaruvi sohasidagi islohotlar, xalq bilan muloqot qilish, aholi bilan ishlash shakllanganligi, huquq-tartibot idoralari tizimi to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi, jumladan, ichki ishlar, milliy gvardiya, mudofaa, bojxona tizimlari va chegara postlari takomillashtirilib, ushbu sohadagi xodimlar o‘z vazifasini sadoqat bilan bajarishlari natijasida bizdagi raqamlar tahlilchilarning raqamlariga mutlaqo o‘xshamagan holatni keltirib chiqardi.

O‘zbekistonda 31 mart kuni jami bemorlar 172 kishini tashkil etdi. Bu holat yuqoridagi raqamlardan keskin farq qilishini ko‘rishimiz mumkin. Ayni kunda esa jami bemorlar 1865 kishini tashkil etib, ulardan 707 nafari kasallikdan to‘liq davolangan.

Bunga qanday erishyapmiz?

Hech kimga sir emas, biz ko‘pgina ilmiy va tarixiy asarlarda rahbarlarga xos bo‘lgan bir qator ijobiy xislatlar bilan tanishganmiz. Og‘ir vaziyatlarda rahbar o‘zini qanday tutishi, nimalarga e’tibor berishi, xalq boshida qiyinchilik kelganda, yechimi noma’lum bo‘lgan holatlarda qabul qilgan qarorlari o‘z xalqi uchun ijobiy tomonlarini ko‘rsatishi va boshqalarni o‘qiganmiz.

Eng muhimi, rahbar uzoqni ko‘ra olishi xalqning boshiga tushishi mumkin bo‘lgan xavf-xatar, qiyinchiliklar va har xil epidemiyalarni oldini olishda juda asqotishiga yana bir bor guvoh bo‘lyapmiz. Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida tibbiyot sohasini isloh etish bo‘yicha quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “... sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha islohotlarimizni ham qat’iyat bilan davom ettiramiz. Shifokorlarning jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, xalqimiz o‘rtasida ularga nisbatan hurmatni oshirish, ushbu kasb egalari uchun munosib mehnat sharoiti yaratish va daromadini ko‘paytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishimiz darkor.

Davlat tibbiyot tashkilotlari va aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘p yoki qariyb 1,5 trln. so‘m ajratiladi. 281 ta tibbiyot muassasasini qurish va ta’mirlashga byudjetdan 1,1 trln. so‘m sarflanadi.

Shuningdek, “Gematologik va virusologik yordam sifatini oshirish, bu turdagi davolash qiyin bo‘lgan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan isloh etishning vaqti keldi.

Qon va virusli kasalliklarni barvaqt aniqlash, davolash uchun malakali gematolog, virusolog va immunolog tayyorlash, dori-darmon va tibbiyot texnikasi uchun mablag‘larni ko‘paytirishimiz kerak”, deganlaridan biz ayni kunda butun dunyoni larzaga keltirayotgan koronavirusni oldindan his etganliklarini ko‘rishimiz mumkin.

Yana nimalar qilinmoqda? Mamlakatimizda keng qamrovli umumxalq tadbirlari amalga oshirilmoqda. Barcha viloyat, shahar va tumanlarda Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari tashkil etildi.

Prezidentimiz joriy yilning 20 aprel kuni o‘tkazgan videoselektorida «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yishni taklif etib, karantin davomida aholining muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlagan tadbirkorlarga davlat tomonidan turli imtiyozlar berilishini ma’lum qildi. Ya’ni, soliqdan imtiyozlar berishi, kreditlarni uzaytirish, elektr energiyasini arzonlashtirish va boshqa shu kabilar nazarga olingan.

Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan yangi qarorda koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish yo‘lida xorijiy kreditlarni jalb qilish maqsadida 3,1 milliard dollarga teng grantlar va imtiyozli uzoq muddatli kreditlarni jalb qilishga ko‘rsatma berilgan.

Mamlakatimizda mart oyida ham koronavirus epidemiyasi oqibatlarini bartaraf etish uchun 10 trln. so‘m kapitalga ega Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etishga ko‘rsatma berilgan edi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati tomonidan fuqarolarimizdan koronavirus infeksiyasiga chalinib davolanayotgan o‘rta ahvoldagi har bir bemor uchun 32 million so‘m, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan og‘ir ahvoldagi har bir bemor uchun o‘rtacha 64 million so‘m, karantinda bo‘lib turganlarning har biri uchun 14 kunlik karantin davomida

2,4 million so‘m, koronavirusdan tuzalib, reabilitatsiyaga olingan har bir bemor uchun 2,8 million so‘mdan sarflanayotganligi ma’lum qilindi.

Yurtimizda koronavirusga qarshi qurash bo‘yicha ko‘rilayotgan keng qamrovli tadbirlar davom ettirilmoqda.

Isroil Jabborov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi.