Koronavirusning qandli diabeti bor kishilarga ta’siri tushuntirildi
Mutaxassislar qandli diabet bilan xastalangan bemorlarga COVID-19 infeksiyasining salbiy ta’siri haqida tushuntirdi. “Science Advances” jurnalida bu haqda ilmiy tadqiqot chop etildi.
Virus organizmga kelib tushgach, sitokinlar tizimini faollashtiradi. Soddaroq qilib aytganda, immun tizimi hujayralariga xavf paydo bo‘lganligi haqida signal yuboriladi. Ba’zi odamlarda sitokinlar judayam faol harakatlana boshlaydi. Oqibatda sitokin hujumi boshlanadi. Bu holat organizmdagi nafaqat zararli, balki foydali hujayralarning ham nobud bo‘lishiga olib keladi. So‘ng ichki a’zolarning ishdan chiqish jarayoni boshlanadi.
Nima sababdan ba’zi odamlarda bunday hol sodir bo‘lishi oxirigacha ma’lum emas. Shu masalani o‘rganish uchun mutaxassislar koronavirus bilan kasallangan sichqonlarga glyukozamin in’yeksiyasini yuborib ko‘rishdi. Aynan qondagi glyukoza miqdorining ko‘tarilishi sitokinlar hujumini vujudga keltirishi aniqlandi.
Natijada xalqaro mutaxassislar qandli diabet xastaligi sitokinlar hujumini vujudga keltiradi, degan hulosaga kelishdi. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, shu sababdan ham qandli diabet xastaligi bor bemorlar uchun koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish o‘ta xavfli.