Korrupsiya jinoyatlari haqida xabar qilganlarga bir martalik pul mukofoti beriladi
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi hukumat qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjat Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan.
Unga ko‘ra, quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirish ko‘zda tutilmoqda:
Birinchidan, korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari;
Ikkinchidan, pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha bo‘lsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida:
- ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ besh baravar;
- uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ yetti baravar;
- og‘ir jinoyat uchun ‒ o‘n baravar;
- o‘ta og‘ir jinoyat uchun ‒ o‘n besh baravar;
Uchinchidan, pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yuz baravarigacha bo‘lsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida:
- ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ o‘n baravar;
- uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ o‘n besh baravar;
- og‘ir jinoyat uchun ‒ yigirma baravar;
- o‘ta og‘ir jinoyat uchun ‒ yigirma besh baravar;
To‘rtinchidan, pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ko‘p bo‘lsa, quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:
- ancha miqdor (BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha) uchun ‒ o‘n besh foizi;
- ko‘p yoki juda ko‘p miqdor (BHMning 300—500 baravarigacha hamda 500 baravar va undan ko‘p) uchun ‒ o‘n foizi.
Hujjat tashabbuskorlarining aytishicha, Davlat byudjetidan ushbu maqsadlar uchun har yili qo‘shimcha o‘rta hisobda 300-500 mln so‘m mablag‘lar talab etiladi.