Kosmonavtlar uchun balzam

Kosmonavtlarga parvozdan keyin Yerdagi tortishish holatini cheklash va zaminga tez moslashishi uchun spirtli ichimlik yordam berarkan. Masalan, kosmonavt Georgiy Grechka Yerdagi holatiga qaytishi qiyin kechganida oz-ozdan bir shisha “Kaberna” moldova vinosini ichib turgan.

U ikkinchi marta kosmosga uchganida kema ichki qoplamasi orqasiga ekipaj uchun ikki shisha konyak yashirib qo‘ygan va keyinchalik oz-ozdan ichib turishgan. Xullas, kosmonavt-ekipajlar parvoz chog‘ida “qittak-qittak” ichib turishga kosmos markazidan ruxsat olishga muvaffaq bo‘lishgan.

1976 yil Moldaviyaning mashhur “Dubassar” zavodida kosmonavtlar uchun “Senetate” (“Salomatlik”) ichimligi yaratilgan. Keyinchalik u “Kosmik” balzam nomini olgan, etiketkasini kosmonavt Aleksey Leonov chizgan.

Erkaklar nega ko‘p kasal bo‘ladi?

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, erkaklar ayollarga nisbatan ko‘proq og‘rir ekan. Yaqinda Kanadaning Makmastera universiteti olimlari tadqiqotlarida bu yana bir bor tasdiqlandi.

Gap shundaki, erkaklar irsiy jihatdan kasalliklardan kamroq himoyalangan. “Shu bois yurak-qon tomirlari, bo‘g‘in kasalliklari, autizm, podagra ularda ayollarga qaraganda ko‘proq uchraydi”, deydi tadqiqotchilar.

Jahonda bosh o‘lim sababchisi bo‘lgan yurak-qon tomirlari kasalliklari ayollarda erkaklarga qaraganda ancha kechroq va yengilroq o‘tadi. Xuddi shunday infarkt miokardga ayollar 5-6 marta kam chalinadi. Olimlarning fikricha, ayollarni estrogenlar himoya qiladi. Bu gormonlar qon tomirlarda qon aylanishi mo‘’tadilligini ta’minlaydi.

“AiF” haftanomasi (2021 y, 11-son)dan T.Shomurodov tayyorladi.