Kummakivi jumbog‘i: qulab tushmaydigan tosh
Finlandiyaning janubi-sharqidagi yovvoyi o‘rmonda hayratlanarli va biroz g‘alati joy bor. Yerda o‘sib chiqqan ulkan tosh ustida undan ham katta xarsangtosh turadi. Bundan tashqari, bu ikki toshning tutash maydoni shunchalik kichikki, go‘yo ustki toshga tegishingiz bilan u dumalab ketayotgandek tuyuladi. Lekin u tubsizlik chetida muvozanatni saqlab turadi, hatto joyidan qo‘zg‘almaydi.
Kummakivi fin tilidan “g‘alati tosh” degan ma’noni anglatadi. Haqiqatan ham u shu qadar g‘alatiki, tortishish qonunlariga zid so‘nggi o‘n bir, o‘n ikki ming yil davomida “ilib qo‘yilgan” holatda suyanib turadi. Toshning o‘lchami besh-yetti metr, og‘irligi taxminan 500 tonna, pastki tosh bilan aloqa qilish maydoni esa atigi yarim kvadrat metrni tashkil qiladi. Mistika, shunday emasmi?!
Ilmiy taxminda esa barchasi yanada oqilona. Kummakivining paydo bo‘lishi oxirgi pleystotsen muzligining erishi bilan izohlanadi. Aytishlaricha, bu muzlik quruqlikni egallab olib, shimoldan yoki g‘arbdan Boltiq qalqoni deb ataladigan joyda joylashgan granit va gneys (tog‘ jinsi)dan iborat toshni olib kelgan. Muzlar erigach, tosh yangi joyda juda g‘ayrioddiy holatda “qotib” qolgan.
- Toshning o‘tkir qirrali burchaklari bor, bu uning muzlik bilan birga unchalik uzoq masofani bosib o‘tmaganidan dalolat beradi, - tushuntiradi geolog Aymo Keyonen. - Lekin uning ostki yuzasi ancha silliq. Bu esa muzlik davrining harakatlanuvchi massalari tog‘ jinslari bo‘laklarini tekislab qo‘yishi haqida gapirishi mumkin, - deydi u.
Toshning kelib chiqishining ilmiy taxmini hammaga ham yoqmaydi. Qadimgi afsonalarga ko‘proq ishonadigan tub joyli aholining ta’kidlashicha, tosh nafaqat g‘alati, balki tirik. Ular granitdagi trollar yoki gigantlar bo‘lgan g‘alati naqshlarni diqqat bilan ko‘rib chiqishni taklif qiladi. Keksalarning aytishicha, tosh ichida sirli bo‘shliqlar bor, u tirik va kechalari o‘zidan og‘ir nafas chiqaradi. Shuningdek, ular kummakivining tepasidan o‘sib chiqqan baland qarag‘ay daraxtiga e’tibor berishni taklif qilishadi.
Aytish kerakki, Kummakivi uzoq vaqtdan beri qiziquvchan sayyohlarni jalb qilib kelgan. Bir paytlar Finlandiya hukumati toshni mashhur sayyohlik maskaniga aylantirmoqchi bo‘lib, hatto tepasiga olib boradigan zinapoya ham qo‘yib qo‘ygan. Keyinchalik ular bu noyob toshga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazilishi mumkinligiga ishonib, bu g‘oyadan voz kechdilar. 1962 yilda Kummakivi muhofaza qilinadigan tabiiy ob’yektlar ro‘yxatiga kiritildi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.