Kutilayotgan jazirama dunyo oziq-ovqat tangligi bilan tahdid solmoqda
Sayyoramizda davom etayotgan jazirama to‘lqini oziq-ovqat xavfsizligi uchun xavf tug‘diradi va bu yaqin o‘n yilliklarda oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib kelishi mumkin, deb yozadi Britaniyaning Guardian gazetasi qator olimlarning bayonotlariga tayanib.
Joriy yilning yozida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida rekord darajadagi yuqori harorat qayd etilgan, bir qator hududlarda suvdan foydalanish cheklangan, konditsioner ishlatish tufayli elektr energiyasi iste’moli ko‘paygan, olimlar esa "bu hali boshlanishi" deya yana ham issiqroq bo‘lishini aytishmoqda.
"Dunyoning turli mintaqalarida bir vaqtning o‘zida yirik ekinlarni yo‘qotish xavfi ortib bormoqda, bu haqiqatan ham oziq-ovqat miqdori va narxlariga ta’sir qiladi", dedi Lids universiteti atmosfera fanlari professori Jon Marsham. Olimning fikricha, bunday holat yaqin o‘n yilliklarda sodir bo‘ladi.
Yana bir olim, harorat oshishining dengiz hayotiga ta’siriga e’tibor qaratadi. Dengizlar ham issiqlik to‘lqinlaridan zarar ko‘radi. Isishning +2 darajaga oshishi marjon riflarining yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkin.
Darhaqiqat, bu yil butun Yevropada yuqori harorat yangi rekordlar belgiladi. Germaniya va Gretsiyada issiq tufayli o‘rmon yong‘inlari boshlandi, Fransiyada qurg‘oqchilik xavfi tufayli bir qator munitsipalitetlarda suvdan foydalanishga cheklovlar joriy etildi, shahar hovuzlari yopildi. Ispaniyaning bir qator mintaqalari, asosan Pireney yarim orolining janubiy qismi aholisi suv ta’minotidagi uzilishlardan aziyat chekmoqda.
Yevromamlakatlar favqulodda vaziyatda suv iste’molini cheklash va daryolardan suv olishni tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlar qo‘llamoqchi.
G.XOLDOROVA tayyorladi.