Kutubxonamiz jurnalist, ijodkorlar kitobi bilan yanada boyidi
Yurtimizda yil davomida kitob va kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan turli tadbirlar, aksiyalar o‘tkazilib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi bizning Bulung‘ur tumanidagi “Yoshlar kutubxonasi”da bo‘lib o‘tdi.
Axborot-resurs markazimizda bo‘lib o‘tgan ijodiy muloqotda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi A.Haydarov qatnashib, ijodkorlarning “Zarafshon” gazetasi kutubxonasi turkumi ostida chop etilgan 50 dan ortiq kitobini kutubxonamizga sovg‘a qildi.
- Kitobga mehr qo‘yish unga bo‘lgan hurmatni yanada oshirishga xizmat qiladi, - dedi A.Haydarov. – Shuning uchun bo‘lsa kerak har qanday ijodkor ijodiy faoliyatni yanada rivojlantirish va boyitish uchun, eng avvalo, turli adabiyotlarni mutolaa qilishga odatlanadi. Chunki bugungi kun talabi, bugungi kun so‘rog‘i ham biz olgan bilim va salohiyatimizga bog‘liq.
Savol-javobga boy bo‘lib o‘tgan tadbir yakunida ijodkorlar o‘z kitoblarini faol o‘quvchilar hamda kutubxonaga topshirdi.
Ishtirokchilarga kutubxona haqida, uni kelgusidagi rivojlantirish borasida, shuningdek, kutubxonamiz yoniga grant loyihasi asosida yangitdan bino barpo etilishi hususida ma’lumot berildi. Birgalikda binoda yaratilgan shart-sharoitlar hamda saqlov xonalari, o‘quv zallarini ko‘zdan kechirildi.
Shu o‘rinda Bulung‘ur tuman axborot-kutubxona markazi to‘g‘risida ham m’lumot bersam. Markazimizning umumiy kitob fondi 7711 nomdagi 16244 nusxani tashkil etadi. Shu yilning o‘tgan davrida 318 nomda 767 nusxada bosma nashrlar olindi. Fondimiz bulung‘urlik kitobxonlar va mehmonlar uchun o‘zbek adabiyotining eng sara asarlari hamda jahon adabiyotining eng qimmatli namunalarini o‘zbek tilidagi tarjimasidagi kitoblar bilan doimiy ravishda boyitib kelinmoqda.
Foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishning yangi shakl va uslublaridan foydalangan holda “Yo‘l-yo‘lakay kitob o‘qiymiz” loyihasi asosida mahalla, maktab hamda aholi gavjum joylarda kutubxona fondidagi adabiyotlardan kitoblar targ‘iboti, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Kitobni jonlantiramiz”, “Kitob chemadonchasining sayohati” loyihasi doirasida bolalarga “Men sevgan qahramon” mavzusida ertak kitoblarni birgalikda o‘qish, rasm chizish va applikatsiya bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazib kelinmoqda, imkoniyati cheklangan insonlar uchun “Mehr kutubxonasi” loyihasi bo‘yicha ko‘chma kutubxona tashkil etilib, markazimiz xodimlari tomonidan mahallalardagi jismoniy imkoniyatlari cheklangan oilalarga tashrif buyurib, kutubxona faoliyati, yangi chop etilgan kitob nashrlari bilan tanishtirib kitob yetkazib kelinmoqda.
Bundan tashqari, “Bir adib haqida suhbat” , “Bir asar tarixi”, “Mutolaa olamidagi kitobxon millat”, “Kitobxonlik oiladan boshlanadi”, “Kitobxon ona - kitobxon bola” mavzularida ham doimiy ravishda kitoblar targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
“Qiziqarli kutubxonada...” deb nomlangan doimiy ekskursiyalar ham tashkil etib kelinadi. Aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish, kitobxonlikni keng ommalashtirish maqsadida masofadan elektron saytimiz hamda ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali ham kitobxonlar safini kengaytirishga erishmoqdamiz.
Sirojiddin Ochilov,
Bulung‘ur tuman axborot-kutubxona markazi direktori.