Lavrov G‘arb mamlakatlarining Navalniy ishini tekshirish talabiga javob qaytardi
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sergey Lavrov muxolifatchi Aleksey Navalniy ishi bo‘yicha Germaniya Federativ Respublikasi tomonidan ma’lumotlar taqdim etilmaganini va Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi holat yuzasidan tergovoldi harakatlari boshlaganini ta’kidladi. Bu haqda 1 sentyabr kuni RIA Novosti nashri xabar berdi.
“Mana u (Navalniy) bir haftadan buyon Germaniyada. Nemis shifokorlari ham hech qanday ma’lumot taqdim etmayapti. Demak, qo‘shimcha vaqt talab etiladi. Biroq nimagadir ularga nisbatan hech kim hech qanday talab qo‘ymayapti, haqiqatni yashirishga o‘rinmoqda deb, hech kim tanqid ham qilmayapti”, dedi RF TIV rahbari.
Lavrov Navalniy Omskdagi shifoxonada 24 soatdan ko‘proq vaqt davomida qolganini, biroq o‘sha vaqtning o‘zida ma’lumot taqdim etilmayotganligi sababli “G‘arblik hamkasblar shovqin ko‘targanini” eslatib o‘tdi.
“Bizni bu vaziyat yuzasidan tergov olib bormaslikda ayblashmoqda, bu yolg‘on. Voqea sodir bo‘lgan kunning o‘zidayoq bizning Ichki ishlar vazirligimiz tergovoldi tekshiruvlarini boshladi. Tergov harakatlari faqatgina nima sodir bo‘lgani aniqlanganidan so‘nggina boshlanadi. Takrorlayman nima sodir bo‘lgani hali aniq emas. Nemis shifokorlari hozircha zaruriy ma’lumotlarni taqdim eta olmadi. Bizning Bosh prokuraturamiz Germaniyadagi hamkasblariga o‘zaro huquqiy yordam berishni so‘rab murojaat qildi”, deb ma’lum qildi Lavrov.