Litsey va kollejlarning 42 nafar o‘quvchisi fan olimpiadasining respublika bosqichida bellashadi

Viloyatimizdagi akademik litsey va kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.

– 14 ta umumta’lim fanlari bo‘yicha yoshlarning bilimi yozma ish va test sinovlari orqali aniqlanadi, – deydi tashkiliy qo‘mita raisi o‘rinbosari Roziq Fayziyev. – Olimpiadada 243 nafar 3-bosqich va 107 nafar 2-bosqich o‘quvchilari bilimlarini sinovdan o‘tkazmoqda. 3-bosqich o‘quvchilarining eng yuqori ball to‘plagan 42 nafari olimpiadaning respublika bosqichida qatnashadi. Olimpiadani shaffof va adolat bilan o‘tishini ta’minlash maqsadida sinov xonalariga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Shuningdek, o‘quvchi-yoshlarning ota-onalari ham jarayonni bevosita kuzatish imkoniyatiga ega. 

Viloyat kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2-bosqich o‘quvchilari orasida birinchi o‘rinni egallaganlari 2019-2020 o‘quv yilida o‘tkaziladigan olimpiadaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

O‘quvchilarning ishlari oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda o‘rta maxsus va umumiy o‘rta ta’lim maktablarining tajribali o‘qituvchilari tomonidan baholanmoqda.

Darvoqe, fan olimpiadasi yakunlangach, matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika fanidan 1-5-o‘rinlarni egallagan akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlarining 2-,3-bosqich va umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-,11-sinf o‘quvchilaridan iborat yoshlar tomonidan xalqaro olimpiadada kuch sinashuvchi respublika terma jamoasi a’zolari shakllantiriladi.