Livanda namoyishchilar shahar hokimligi binosini yoqib yubordi
Livanning shimolidagi Tripoli shahrida koronavirus pandemiyasi sababli karantin muddatining uzaytirilishiga qarshi namoyishchilar shahar hokimligi binosiga yoqilg‘i to‘ldirilgan shishalar uloqtirishdi.
Namoyishchilar binoga yoqilg‘i to‘ldirilgan shishalar uloqtirgan va bino alanga olgan. Ta’kidlanishicha, politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalanmoqda. Vaziyatni barqarorlashtirish uchun armiya jalb etilgan.
“Avvalroq namoyishchilar politsiya xodimlariga jangovar granatalar uloqtirishgani haqida xabar berilgan edi. Natijada to‘qqiz nafar huquq-tartibot xodimi jarohat oldi, ulardan birining ahvoli og‘ir”, deya xabar beradi Livan ichki ishlar vazirligi.
Livan Qizil Xoch tashkiloti Twitterdagi sahifasida aytilishicha, to‘qnashuvda 82 kishi jarohat olgan. "O‘n besh jabrlanuvchi kasalxonalarga yotqizildi, yana 67 kishiga yordam ko‘rsatildi".
Tripolidagi tartibsizlik va to‘qnashuvlar uchinchi kun davom etmoqda. Fuqarolar hukumatdan yashash sharoitlarini yaxshilash va komendantlik soatini bekor qilish choralarini ko‘rishni talab qilmoqda.