M-37 magistral yo‘lidan yuk mashinalarini Dahbed orqali 8 kilometr masofada Farhod shaharchasiga olib chiqish taklif qilindi: Bu tirbandlikni sezilarli kamaytirishi mumkin
SamDAQUda 27-28 aprel kunlari “Shaharsozlikning innovasion rivojlantirish muammolari, fan va ta’lim istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi
Yo‘l, qurilish, uy-joy, fan va innovatsiyalar sohasidagi viloyat, respublika va xorij olimlari, tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etgan anjumanda bir qator takliflar ilgari surildi.
Jumladan, shahar hududlarini rivojlantirish, arxitektura, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, antropogen va texnosfera xavfsizligini ta’minlashda energiya tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash, transport va yo‘l harakati xavfsizligi, shaharsozlik va hududiy brendlashda loyiha-qurilish jarayonlari va ko‘chmas mulkni boshqarishning dolzarb muammolari hamda uning yechimi va boshqa bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
- Mutaxassislar sohada dolzarb bo‘lgan takliflar berdi, - deydi SamDAQU dotsenti Abirqul Xudoyberdiyev. – Masalan, M-37 yo‘lning magistral ko‘chasidan yuk mashinalarini Dahbed orqali 8 kilometr masofada Farhod shaharchasiga olib chiqish bo‘yicha taklifni alohida ta’kidlamoqchiman. Bu judayam o‘rinli va samarali taklif. Sababi, bu yechim bilan bugun shahar aholisiniga katta muammo tug‘dirayotgan tirbandliklar bartaraf etiladi, shuningdek, bu shahardagi qadimiy obidalarga zararni kamaytiradi.
Ikki kun davom etgan anjuman yakunida qatnashchilar shaharsozlikka oid materiallar asosida anjuman rezolyusiyasini qabul qildi.