Mahalla har ishda o‘rnak bo‘lishi zarur, ammo...
Bu gap faqat mahalla faollarining yurish-turishi, amaliga taalluqli emas. Bu yerga kelgan kishi, avvalo, saranjom-sarishtalik, mahalla “xodim”larining ishlash sharoitiga e’tibor beradi.
O‘zi sharoiti bir navi bo‘lgan joyda ishlayotgan mahalla raisi boshqalarga “Uyingni epaqaga keltir, atrofini o‘t-o‘landan tozalab qo‘y”, deb nasihat qilsa, qanday bo‘ladi? Mahallaning jamiyatdagi obro‘yi, nufuzini oshirmoqchi ekanmiz, bu masalani ham esdan chiqarmaslik kerak.
Bulung‘ur tumanining “Changal-1” mahalla fuqarolar yig‘inidamiz. Nomlanishiga ko‘ra, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, ko‘rinishi bo‘yicha omborxonaga o‘xshash binoning oldiga kelib to‘xtadik. Mahalla raisi Olim Jo‘rayev bizga peshvoz chiqib, ichkariga boshladi. U yerda esa vaziyat bundan-da og‘ir. Xonalar zax tortgan, devorlari nuragan, shiftdagi dog‘lar tomdan suv o‘tishidan darak beradi. Xullas, achinarli holat. Mahallada aholini tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganishga kelgan bo‘lsak-da, ko‘z oldimizdagi muammoga befarq bo‘lolmadik.
- Joriy yil bo‘lib o‘tgan saylovda mahalladoshlarim meni raislikka loyiq ko‘rdi, - deydi O.Jo‘rayev. – Ishni mahallaning uchta eng asosiy muammosi va ularning yechimi bo‘yicha loyiha tayyorlab, tuman hokimligiga kiritishdan boshladim. Muammolarga kelsak, avvalo, Yuqori Changal qishlog‘idagi 92 ta xonadonni toza ichimlik suvi bilan ta’minlashimiz kerak. Undan keyin mahalla markazidan o‘tuvchi asosiy ko‘chaning 2,5 kilometr qismida piyodalar va veloyo‘lak qurishimiz zarur. Yana bir og‘ir muammoimiz, ko‘rib turganingizdek, xizmatini o‘tab bo‘lgan mahalla markazi. 1972 yilda qurilgan bu bino yaqin yillarda ta’mirlanmagan. Uni zamonaviy va zarur sharoitlari mavjud mahalla binosiga aylantirish uchun 480 million so‘mlik loyiha tayyorladik.
Rais va faollar hamrohligida binoning holatini ko‘zdan kechirdik. Ularning aytishicha, yomg‘irli kunlarda ko‘chadan oqqan suv shu yerda to‘planib, binoga kirish joyida kattagina “hovuz” paydo bo‘lar ekan. Unga tutash bino bundan-da xarob. “Ulug‘bek” agrofirmasiga qarashli bu binoga yaqin yillarda odam kirmagani ko‘rinib turibdi. Devorlari darz ketib, qulash holatiga kelgan bu binoning ichiga kirish u yoqda tursin, yoniga borishga ham hayiqdik.
Mahalla raisining aytishicha, u taqdim qilgan loyiha hukumat tomonidan ma’qullanib, qurilish va ta’mirlash ishlari uchun kerakli mablag‘ ajratilishi belgilangan. Faqat bu qachon bo‘lishi noma’lum. Ungacha mavjud sharoitdan to‘g‘ri foydalanilsa, aytaylik, yomg‘ir suvlarini binodan qochirish chorasi ko‘rilib, atrofi obodonlashtirilsa yomon bo‘lmas edi. Qolaversa, ularning qatorida joylashgan profilaktika inspektorining xizmat uyi ham qarovsiz holatda yotibdi. Faollar buni mahallada profilaktika inspektori lavozimi vakant ekanligi bilan izohlashdi. Xo‘p, profilaktika inspektori bo‘lmasa, u uchun qurilgan uyning atrofini begona o‘tlardan tozalab qo‘yishning iloji yo‘qmi?
Xullas, shunaqa gaplar. Mahallaga borishimiz sababiga kelsak, bu bo‘yicha maqolani keyinroq e’lon qilishga qaror qildik.
Asqar Barotov.