Mahalla raisi uch yilga saylanadi

Biroq izchil islohotlarning hozirgi shiddatli bosqichi mahallalarni yanada qo‘llab-quvvatlash va har tomonlama rivojlantirish, shu bilan birga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning samarali ijrosini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Joriy yil 15 oktyabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi hamda "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bevosita mahalla hayotiga daxldor bo‘lib, kelgusi faoliyat mezonlarini belgilab berdi.

Mazkur qonunlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari saylovi tizimini mahalla oqsoqollariga qo‘yilayotgan yangicha talablar asosida amalga oshirishga qulay sharoit yaratish, saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Bugungacha fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddati 2,5 yil qilib belgilangandi. To‘g‘risi, vakolat muddati masalasida yaxlit raqamning yo‘qligi xalqaro tajribaga mos kelmas va bu muddat saylovlarni har doim aniq bir vaqtda o‘tkazish imkonini bermasdi. Qolaversa, ushbu muddat raislarning o‘z bilim va boshqaruv qobiliyatlarini to‘liq namoyon etishi uchun ham yetarli emas edi. Endilikda yangi qonun bilan fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddati uch yilga uzaytirilgani ularga o‘z mahoratini to‘liq namoyon etishi uchun ko‘proq imkoniyat yaratadi.

Qonunda navbatdagi fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollari) saylovini 2019 yil may oyida o‘tkazish belgilandi. O‘z navbatida, hozirda faoliyat yuritayotgan fuqarolar yig‘ini raislarining vakolat muddati ham shu vaqtgacha uzaytirildi. Endilikda uch yilga saylanadigan mahalla raislari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish bilan birga, mahalladagi har bir oila, har bir inson taqdiri uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga qodir fidoyilar bo‘lishi, mahalla ahlining fikr-o‘ylari, maqsad-muddaolarini ish faoliyati orqali ifoda etishi talab qilinadi.

Fuqarolar yig‘ini saylovlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan respublika darajasida Oliy Majlis Senati Kengashining komissiya­si emas, balki alohida tuziladigan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi shug‘ullanadi. 2013 yilda qabul qilingan "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida"gi qonunda fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish Oliy Majlis Senati Kengashining ko‘maklashuvchi komissiyasiga yuklatilgan edi. Mazkur komissiya faqat saylovni tashkil etish hamda o‘tkazish davriga (2-3 oyga) tuzilib, amaliyotda bo‘shab qoladigan o‘rinlarga o‘tkaziladigan saylovlar yagona muvofiqlashtiruvchi organsiz qolar, bu esa fuqarolarning saylash va saylanish hu­qu­qi­ning to‘la ro‘yobga chiqishini ta’minlashga salbiy ta’sir qilardi.

Endilikda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘­makla­shuvchi respublika komissiyasi tarkibiga parlament quyi palatasi deputatlari, Senat a’zolari, tegishli davlat or­ganlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlar vakillari kiritiladi.

Shuningdek, bundan keyin saylovlarda bevosita fuqarolarning o‘zlari ko‘proq ishtirok etishini ta’minlash maqsadida saylov o‘tkazilayotgan hudud – hovlilar, uylar, ko‘chalardan fuqarolar vakilligining minimal normasi belgilab berildi. Oldingi amaliyotda mahalla raisi fuqarolar yig‘ini tomonidan emas, balki fuqarolar vakillarining yig‘ilishi tomonidan saylanardi. Bunda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tuman (shahar) ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan vakillar miqdori belgilab berilar va ular ovoz berardi, xolos.

Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar vakilligining minimal normasini belgilashda har bir hudud aholisining soni inobatga olinadi. Jumladan, ushbu norma saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning 12 foizidan kam bo‘lmasligi lozim. Bunday holatda fuqarolar yig‘inida yashovchi o‘rtacha 2 ming nafar saylovchi nomidan 240 nafar vakilning saylovda ishtirok etishi ta’minlanadi.

Keyingi o‘zgarishlardan yana biri saylovda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylanadi, xolos. Oldingi amaliyotda fuqarolar yig‘ini raisi va maslahatchisi bir vaqt­da saylanardi.

Bu jarayon saylov o‘tkazishda ko‘plab qi­yinchiliklarni yuzaga keltiradi. Xususan, har bir fuqarolar yig‘inida 8 ta maslahatchi saylanishi kerak. Muqobillik prinsipiga ko‘ra, har bir o‘ringa 2 tadan nomzod ko‘rsatilishi lozim. Bu rais va uning maslahatchiligiga kamida 18 ta nomzod o‘rganib chiqilishini taqozo etadi. Bitta tumanda o‘rtacha 55 ta fuqarolar yig‘ini borligini hisobga olsak, har bir tuman saylov komissiyasi 1000 ga yaqin nomzodni ko‘rib chiqishi kerak edi.

Shulardan kelib chiqib, yangi qonunga, avvalo, fuqarolar yig‘ini raisi saylovini, saylovdan keyin bir oy ichida maslahatchilarni saylash hamda komissiyalarni shakllantirish normasi kiritildi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 105-moddasining birinchi qismidagi "ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini" degan so‘zlar "raisni (oqsoqolni)" degan so‘zlar bilan almashtirilib, "Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 21-moddasi beshinchi qismidagi "va ularning maslahatchilari" degan so‘zlar chiqarib tashlandi.

Oldingi amaliyotda mahalla raisi saylovi tizimida bir qancha kamchiliklar ko‘zga tashlanardi. Birinchi navbatda, bu jihatni saylovning ochiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilishida ko‘rish mumkin edi. Bu odamlarning o‘z xohish-irodalarini erkin bildirishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatardi.

Endilikda fuqarolarning taklif va istaklari inobatga olinib, mahalla raisi saylovlarida yashirin ovoz berish tizimi o‘rnatilgani ayni muddao bo‘ldi. Qonunga ushbu qoidaning kiritilishi yurtdoshlarimiz xarakterida shakllangan andisha, bir-birovga hurmat kabi fazilatlarning ja­rayon­ga salbiy ta’sir qi­lishining oldini olib, yig‘in raisligiga har tomonlama muno­sib nomzodning saylanishini kafolatlaydi.

Badriddin NASRIYeV,

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini

muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat

kengashi raisining birinchi o‘rinbosari.