Mahalla raislari saylovi may oyida o‘tkaziladi
Kecha - 15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalasi muhokama etildi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha avvalgi saylovlarda orttirilgan tajriba va qonun hujjatlari talablarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi joriy yil may oyida o‘tkaziladi. Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) sayloviga doir saylov byulleteni namunasi tasdiqlandi. Shuningdek, Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz: Bu galgi fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi jamiyatni yanada isloh qilish va demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiyalash sharoitida bo‘lib o‘tadi. 2018 yilning oktyabrida “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Unda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) uch yil muddatga saylanishi, yashirin ovoz berish, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Respublika komissiyasining vakolatlari, fuqarolar vakillarining soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizini tashkil etishi lozimligi kabi yangi qoidalar mustahkamlab qo‘yildi.