Mahallalarda muammoga o‘rin qolmaydi(mi?)

Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyati hokimligining tegishli yig‘ilish bayoniga asosan barcha shahar va tumanlar uchun mas’ul ishchi guruhlar tuzilgan. Har bir ishchi guruhiga viloyatdagi boshqarma va tashkilot boshlig‘i rahbar etib belgilangan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 449 nafar a’zosi mavjud 57 ta guruh olis hududlarda aholining turmush tarzida uchrayotgan muammolar, salomatligini o‘rganib, tegishli amaliy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rmoqda.

Ohalik obod maskan bo‘ladi

Samarqand tumanidagi shu nomdagi mahalla hududning eng chekka go‘shalaridan biri.

Ishchi guruhning o‘rganishlari davomida 2100 metr ta’mirtalab yo‘llar mavjudligi aniqlangan. Bugungi kunda 800 metr yo‘lga shag‘al tosh yotqizilib, tekislangan.

Mahalladagi 15 ta oilaga moddiy yordam ko‘rsatilgan. 7 ta kam ta’minlangan oilaga ko‘mir yetkazib berilibdi.

Kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi muammolar ham ishchi guruhning e’tiboridan chetda qolmadi. Ohalik mahallasi hududida mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, 2 ta transformator punkti yetishmas ekan. Bu masala rejaga kiritilib, 20 ta ma’nan eskirgan simyog‘och almashtirilgan.

Bir raqamlarki...

Ma’lumotlarga ko‘ra, 19 yanvar kuni 79 ta, shu paytgacha 178 ta mahalla fuqarolar yig‘inida o‘rganishlar o‘tkazilgan. Ushbu mahallalardagi qariyb 70 ming xonadonning 23 mingdan ko‘prog‘i o‘rganilgan. 6159 ta muammoli masalalari aniqlanib, 4716 tasi hal etilgan.

O‘rganilgan 402 ta ijtimoiy soha va boshqa ob’yektlarda mavjud 255 ta muammoli masalaning 180 tasi hal etilgani, quvonarli albatta.

Ishchi guruhlar o‘rganishlari davomida 44 ta ommaviy (sayyor) qabullar o‘tkazilib, 1389 nafar fuqaro qabul qilingan. Ularda 607 ta muammoli masala aniqlanib, 290 tasiga yechim topilgan.

Shuningdek, shu kungacha 958 kilometr yo‘lga shag‘al yotqizilib, 2 kilometr yo‘l asfaltlangan va Qo‘shrabot tumanidagi bitta ko‘prik ta’mirlangan. Darvoqe, Qo‘shrabot tumanida boshqa tumanlardan farqli o‘laroq, o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan, yordamga muhtoj oilalarning uylarini ta’mirlab berishga alohida e’tibor qaratilgan. Viloyat bo‘yicha bunday xonadonlar soni 42 ta bo‘lgani holda, tog‘li tumanda 39 tani tashkil qilmoqda.

Odamlar bugun baxtli yashashi kerak

Raqamlarga qaraganda, ishchi guruh o‘rganishni boshlagandan buyon 15368 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Past Darg‘om tumanida 22 ta, Qo‘shrabot tumanida 23 ta, viloyat bo‘yicha 65 ta nogironlik aravachasi, protez-ortopediya vositalari, qo‘ltiqtayoq berilgan. Shuningdek, 1583 kishi, jumladan, Samarqand tumanida 833 kishi bepul dori-darmon bilan ta’minlangan.

Bundan tashqari, 13 ming tonnadan ko‘proq ko‘mir, 32 ming 617 ta gaz ballonlari tarqatilgan. Paxtachi tumanida 3 ta, Narpay tumani va Samarqand shahrida 1 tadan yo‘nalishli avtotransport xizmati tashkil qilingan.

9 kilometr ichimlik suvi quvuri va 9 ta ichimlik suv nasosi o‘rnatilgan. 195 ta transformator punktlari ta’mirlangan va yangilangan, 265 ta simyog‘och beton ustunlarga almashtirilgan.

Xulosa chiqarilishi zarur

Aslida qayd qilinayotgan raqamlarning o‘zi joylarda tegishli xulosalar chiqarishga asos bo‘ladi. O‘ylaymizki, mutasaddilar masalaning bu tomoniga ham e’tibor qaratishadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning yozishicha, Toshkent shahri tumanlaridagi deputatlarning har biri 100 million so‘m miqdoridagi mahalliy byudjet mablag‘ini yo‘naltirish imkoniga ega bo‘libdi.

Qolaversa, poytaxt tumanlari mahalliy byudjeti tushumlarining orttirib bajarilgan qismidan mahallalardagi mavjud muammolarni joyida bartaraf etish uchun har bir mahalla fuqarolari yig‘ini raisiga 50 million so‘mdan mablag‘ ajratilar ekan.

Bizda ham aynan bo‘lmasa-da, shunga o‘xshash yangiliklarni yo‘lga qo‘yish fursati kelmadimikan?!

Yoqubjon MARQAYeV.