Mahkum qamoqdan ozod qilinib, oilasi bag‘riga qaytarildi

Joriy yilning 12 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi apellyasiya instansiyasida viloyat sudi raisi o‘rinbosari O‘.Mamadaliyev raisligida, hay’ati sudyalari B.Jumabayev va M.To‘xtayevlardan iborat tarkibda mahkum A.Do‘stmuradovga nisbatan sudlov hay’ati majlisi bo‘lib o‘tdi.

Ish hujjatlariga ko‘ra, A.Do‘stmuradovga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahar sudining 2019 yil 27 noyabrdagi ajrimiga ko‘ra, JKning 74-moddasiga asosan o‘talmay qolgan 2 yil 4 oy 8 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi shu muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. O‘talmay qolgan 2 yil 4 oy 8 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi, O‘zbekiston Respublikasi JKning 46-moddasiga asosan shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan.

Jinoyat ishi apellyasiya instansiyasida mahkum A.Do‘stmuradov tomonidan keltirilgan apellyasiya tartibidagi xususiy shikoyati asosida ko‘rilib, ish hujjatlaridagi bir qator dalillar yig‘indisiga asosan jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining A.Do‘stmuradovga nisbatan chiqarilgan ajrimi bekor qilindi. A.Do‘stmuradov qamoqdan ozod qilinib, oilasi bag‘riga qaytarildi.

O.QODIROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudya katta yordamchisi.