Maishiy texnika ishlab chiqarish sexida yirik yong‘in sodir bo‘ldi

Bugun, 10 yanvar kuni soat 00:28 da Sergeli tumani, Lutfikor 1-tor ko‘chasi, 1-uyda joylashgan, “Sergeli kichik sanoat zonasi boshqarish direksiyasi” DUK hududida ijarada faoliyat yuritayotgan, “Techno Sirius” MChJga qarashli binoning 4-qavatida joylashgan maishiy texnika ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.

Bino tom qismining 900 kvadrat metr maydoni yongan. Yong‘indan binoning 1000 kvadrat metr maydonidagi qurilmalari saqlanib qolingan. Yong‘in o‘chirish jangovar bo‘linmalari chaqirilgan manzilga soat 00:33 da yetib borgan va ko‘rilgan tezkor chora va harakatlar natijasida yong‘in soat 02:20 da qurshab olinib, soat 03:40 da o‘chirilgan.

Yong‘in sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Yong‘indan insonlarning halok bo‘lishi va tan jarohati olish holatlari qayd etilmadi.  Yong‘in joyiga 18 ta yong‘in o‘chirish texnikasi jalb qilingan.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’yekti rahbari hamda xodimlarini, shuningdek, fuqarolarimizni yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishlarini so‘rab qoladi.