Majburiy mehnat ildizi qayerda?

Mana, bugungi kunda o‘qituvchi va shifokorlarni, o‘zi umuman barchani majburiy mehnatga jalb etmaslik siyosati kun tartibida bo‘lib turibdi. Ammo ayrim rahbarlar majburiy mehnatni faqat paxta terish deb tushunadi. Paxtaga olib chiqmasam bo‘ldi, hammasi joyida deb o‘ylaydi. Ya’ni korxona, mahalla, ko‘cha-kuy hovlisini supurish, yovvoyi o‘tlarni yulish, yerni yumshatish, bog‘bonlik, farroshlik kabi ishlarni esa oddiy hol deb qabul qilishadi. «Oq halatli hamshira shifoxona hududidan chiqmasa bo‘ldi, ichkarida hammasi mumkin» degan aqida ko‘p uchraydi.

Kimdir e’tiroz bildirsa, «o‘z uyimizni sizu biz tozalamasak, kim tozalaydi» deb uzundan-uzun ma’ruza ham qilishadi. Lekin «biz hovlini supursak, bemorlarga kim qaraydi, o‘quvchilarga kim dars beradi, farroshlarmi?» deb savol berib ko‘ringchi, javobiga ish haqidan qirqish haqida tahdid eshitasiz.

Bir narsani unutmaslik kerakki, vatan ostonadan boshlangani kabi, majburiy mehnat ham tashkilot hovlisini supurishdan boshlanadi. Bu yerda hashar, o‘zbekchilik, azaliy qadriyatlar haqida gap bo‘lmasligi kerak. U mutlaqo boshqa mavzu.

Ammo tanganing ikkinchi tomoni haqida gapirmoqchiman. Ish beruvchilarning zorlanishiga ham asos bor, ayrim shifoxona yoki ta’lim muassasasi hududi 3-4 gektar, lekin byudjetdan farrosh, bog‘bon lavozimlariga sanoqli shtat ajratiladi, ularning oyligi haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Hudud salmog‘i va shtatlar sonida katta nomutanosiblik bor.

«Biz tozalamasak, kim tozalaydi?» degan savolning boshqa mazmuni ham shunda. Ya’ni obodonlashtirish uchun shtatlarga yetarli mablag‘ ajratilmaydi. Shu sababli ular majbur bo‘lishadiki, o‘z qo‘l ostidagilarini yalinib, yolvorib, do‘q urib, qo‘rqitib ishlatishga...

Biz ish beruvchilardan majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilishdan oldin sharoitni ham to‘g‘rilashimiz kerak.

TAKLIFIM:

«Agar shtatlarni ko‘paytirishni hozircha davlat byudjeti ko‘tarmaydi», deyishadigan bo‘lsa, unda haq to‘lanadigan jamoat ishlari uchun yiliga ajratilayotgan 714 milliard so‘m mablag‘ni shu maqsadga yo‘naltirish kerak. Ya’ni hududi katta, lekin texnik shtati kam bo‘lgan tashkilotlarni obodonlashtirish ishlariga aynan ishsiz qatlamni yo‘naltirib, ularga jamg‘arma hisobidan ish haqi bersa bo‘ladi. Shundoq ham bu pullar ishlatilmayotgani aytilgan edi.

Shunda six ham kuymaydi, kabob ham. Ishsizlar ham daromadli bo‘lishadi, ish beruvchilar ham xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilishdan qutulishadi. Hokimlar ham hamma yoqqa byudjet tashkiloti xodimlarini safarbar qilavermasdan, mana shunaqa alternativ variantlarni qidirishsa yaxshi bo‘lardi, deb yozmoqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.